Saylovda ovoz berish boshlandi

    Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00da ochildi va saylovchilar ovoz berishni boshladi.

    Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida oʻtkazilmoqda.

    Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga boʻlinadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari boʻyicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim boʻyicha, yaʼni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya roʻyxati asosida) saylanadi.

    Markaziy saylov komissiyasiga koʻra, parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan oʻn uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

    Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib bormoqda.

    Shuningdek, hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

    Ovoz berish soat 20:00 ga qadar davom etadi.