Saylovda qancha nomzod ishtirok etishi maʼlum boʻldi

    Shu yining 26-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi va bir qator tadbirlari boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.

    Yigʻilishda qayd etilishicha, shu yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini Konstitutsiya va qonunlarga toʻla muvofiq holda yuqori saviyada oʻtkazish kun tartibining asosiy masalasi boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga koʻra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi ularning vakolat muddati tugaydigan yil oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligi birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilangan.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashini inobatga olib, saylovlar joriy yilning 27-oktyabrida oʻtkazilishi va saylov kampaniyasi 26-iyuldan boshlanishi haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

    Qayd etish kerakki, ushbu saylovlar Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda oʻtkazilayotganligi alohida ahamiyat kasb etadi.

    Majlisda taʼkidlanganidek, bu saylovlarning oʻziga xosligi quyidagilarda namoyon boʻladi.

    Birinchidan, Oʻzbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, yaʼni majoritar-proporsional tizim asosida oʻtkaziladi.

    Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar oʻzlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yoʻli bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim boʻyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

    Ikkinchidan, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan oʻzaro munosabatlari toʻliq raqamlashtirildi. Endilikda saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.

    Uchinchidan, saylov qonunchiligi ilgʻor demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni koʻrsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilandi. Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy koʻpchiligi ovozini olishi belgilandi. Unga koʻra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz toʻplagan taqdirda deputat boʻlib saylanishi mumkin boʻladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.

    Toʻrtinchidan, saylov Yangilangan Konstitutsiya mustahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda oʻtadi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa,

    12 tadan 18 taga koʻpaytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida boʻlgan 33 ta vakolatlar mahalliy Kengashlarga oʻtkazildi.

    Majlisda mazkur saylov mamlakatimizda demokratik davlatchilikning yorqin namunasi, fuqarolarimizning saylash va saylanish, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishda ishtirok etishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.

    Saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 56 nafar aʼzosi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga koʻra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari aʼzolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki kutilmoqda.

    Saylovning mamlakat hayotidagi alohida oʻrnini eʼtiborga olib, ushbu jarayonda fuqarolarni keng jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 27-oktyabrdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida oʻtkazilishi eʼlon qilindi.

    Tadbir doirasida saylovning texnologik yangiligi sifatida ishga tushirilgan “E-saylov” axborot tizimining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

    “E-saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari toʻliq elektron tarzda amalga oshiriladi.

    Axborot tizimi boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingan boʻlib, saylovdagi koʻpgina tartib-taomillar inson omilisiz toʻliq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

    Mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan saylov komissiyalari aʼzolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta maʼlumotlar bazasi shakllanadi. Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot oʻrnatiladi.

    “E-saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik maʼlumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar boʻyicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega boʻlish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimayi holi bilan tanishish imkonini beradi.

    Majlisda qayd etilganidek, “E-saylov” axborot tizimi saylovlarni texnologik va ochiqlik jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda.

    Taʼkidlash kerakki, Saylov kodeksining 37-moddasiga koʻra, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod koʻrsatish huquqiga siyosiy partiyalar ega.

    Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan boʻlishi va partiyaning saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini toʻplashi lozim.

    Bundan tashqari, komissiya majlisida saylovni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich oʻtkazilishini taʼminlash yuzasidan kalendar reja tasdiqlandi. Majlisda taʼkidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi xolis va mustaqil konstitutsiyaviy organ sifatida boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga toʻla muvofiq holda ochiq va oshkora oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha barcha choralarni koʻradi.

    Majlisda shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazi tashkil etildi.