Saylov kodeksida muddatidan ilgari Prezident saylovi tayinlangan taqdirda saylov ikki oy ichida oʻtkazilishi belgilangan. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun saylov kampaniyasi joriy yilning 10-may kunidan boshlanishi belgilanib, saylovni oʻtkazish kalendar rejasi tasdiqlandi. Saylov kodeksiga koʻra, saylovoldi tashviqoti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida tugaydi.

Shu kunlarda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti avj pallaga kirgan. Bu galgi saylovda nomzodlarning tashviqot jarayonlari joriy yilning 7-iyun kuni boshlanib, 8-iyulgacha davom etadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida bunday tashviqotga yoʻl qoʻyilmaydi.

Saylovoldi tashviqotini oʻtkazish tartibi 2021-yil 14-aprelda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom normalariga mos tashkil etilishini ham qayd etish oʻrinlidir.

Saylovoldi tashviqoti – nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun oʻziga xos raqobat maydoni

Saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Qonunchilikka koʻra, nomzodlar saylovoldi tashviqotini yuritish borasida teng huquqlarga ega. Nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini oʻtkazishi mumkin. Saylovoldi tashviqoti doirasidagi tadbirlarda nomzodlarga oʻzining kelgusidagi faoliyati dasturi bilan soʻzga chiqish huquqi beriladi.

Saylovoldi tashviqoti saylov jarayoni qatnashchilari uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, Prezidentlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun oʻziga xos raqobat maydoni hamdir. Tashviqotning qanday oʻtkazilishi siyosiy partiya elektorati soni koʻpayishi yoki kamayishiga, mavqeining oshishi yoki tushishiga olib kelishi mumkin.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, YEXHTning Insoniylik mezonlari boʻyicha konferensiyasi Kopengagen kengashi va boshqa qator xalqaro huquqiy hujjatlarda saylovchilar, nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini yuritishga oid huquqlari kafolatlari nazarda tutilgan. Ushbu hujjatlardagi asosiy talablar milliy saylov tizimimizga implementatsiya qilingan.

Qonunchilikka koʻra, tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek, pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib yuritish, notoʻgʻri axborotni, nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi muayyan talablarga javob berishi shart. Xususan, davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan boʻlishi, xalqning salomatligi hamda maʼnaviyatiga tahdid solmasligi, urush, milliy nafrat, irqiy va diniy adovatni targʻib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik ishlatib oʻzgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga daʼvat qilmasligi kerak.

Saylovoldi tashviqotini Prezidentlikka nomzodlar nomidan ularning ishonchli vakillari ham oʻtkazishi mumkin. Saylov kodeksiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod 15 nafarga qadar ishonchli vakilga ega boʻlishga haqlidir. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

Prezidentlikka nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga teng huquqli, sogʻlom raqobatga asoslangan saylovoldi tashviqoti yuritishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi imkoniyati xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va standartlariga toʻla mos boʻlib, adolat va tenglik tamoyillaridan kelib chiqadi. Ushbu tenglik yuqorida sanab oʻtilgan barcha saylovoldi tashviqoti turlarida bir xil taʼminlanadi.

Saylovoldi tashviqoti yuritish tartiboti

Nomzodlarga oʻzining kelgusidagi faoliyati dasturi bilan soʻzga chiqish huquqi beriladi. Bu dasturni nomzodning roziligisiz tahrir qilish mumkin emas. Shuningdek, bosma OAVda chop etish uchun materiallar nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, nomzodlarni koʻrsatgan siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladi. Saylovoldi tashviqoti materiallari ularni taqdim etgan shaxslarning roziligisiz tahrir qilinmaydi.

Tashviqot nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish, nomzod toʻgʻrisida axborot tarqatib, uni yoqlab ovoz berishga chaqirish shaklida yuritiladi. Shuningdek, saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot anjumanlari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, OAVlarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti OAV, telekommunikatsiya, internet axborot tarmoqlarida, shuningdek, bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Tashviqot davrida uni yuritishning Saylov kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan foydalanilishi mumkin.

OAV u yoki bu nomzodning muvaffaqiyat qozonishi yoxud zarur ovozlar miqdorini ololmasligida muhim rol oʻynaydi. Chunki saylovoldi uchrashuvlari va yigʻilishlarida yuzlab saylovchilar ishtirok etsa, OAV orqali millionlab saylovchilarga maʼlumot yetkazib beriladi. Shu sababli Prezidentlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning barchasi saylovoldi tashviqotlari yuritish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquqqa egaligi kafolatlangan.

Bu jarayonda Prezidentlikka nomzodlarga teng imkoniyat berilishini taʼminlash muhimdir. Binobarin, saylovoldi tashviqoti yuritilayotganda nomzodlarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyat beriladi. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonunchilikka muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqotini yuritish maqsadida OAVdan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, davlat teleradiokanallarida ajratiladigan bepul efir vaqti, qoida tariqasida, eng koʻp auditoriya qamrab olinadigan vaqtga (praym-taymga) toʻgʻri kelishi kerak. Bepul efir vaqtidan nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yigʻilishlari, nomzod toʻgʻrisida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti doirasida teleradiokanallarda joylashtirishga moʻljallangan materiallar tegishli kanallar bilan hamkorlikda nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, nomzodlarni koʻrsatgan siyosiy partiyalar tomonidan tayyorlanadi.

Prezidentlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish orqali oʻtkazadi. Mana shu masalada ham nomzodlarning tengligi taʼminlanishining huquqiy asoslari belgilab qoʻyilgan. Tashviqot materiallari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida buyurtma bergan va tayyorlagan yuridik shaxslar nomi, joylashgan manzili, adadi, chiqarilgan sanasi va materialga tegishli boshqa axborotlar koʻrsatilishi shart.

Saylovoldi tashviqoti materiallari xonalarga, binolarga, inshootlarga va boshqa obyektlarga osib qoʻyilishi mumkin. Haykallarga, yodgorliklarga, shuningdek, saylov komissiyasi joylashgan binolarga, ovoz berish xonalariga bosma saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish taqiqlanadi.

Nomzodlarning avtobiografik maʼlumotlari va ularning saylovoldi dasturlari toʻgʻrisidagi axborot materiallari (plakatlari) saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmaydi. Shu bois, ushbu maʼlumotlar saylov uchastkalari binosida ham mavjud boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.

Elektorat bilan jonli muloqotning ahamiyati

Saylovoldi tashviqotida saylovchilar bilan uchrashuvlar katta oʻrin tutadi. Chunki bu tadbirlarda nomzodlar, bir tomondan, bevosita saylovchilar bilan muloqotga kirishadi, ikkinchi tomondan esa saylovchilar nomzod bilan jonli muloqot asosida qiziqtirgan savollarini berib, nomzod haqida aniq tasavvurga ega boʻladi. Shu bois, nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish borasida teng imkoniyat berilishini taʼminlash muhim masaladir. Nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari ochiq va oshkora tarzda oʻtkaziladi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan mustaqil ravishda oʻtkazilib, bu uchrashuvlarni oʻtkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga maʼlum qilinadi. Nomzodlar va ularning ishonchli vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlarni tashkil etish va oʻtkazishda yordam koʻrsatish iltimosi bilan davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, jamoat birlashmalariga, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga murojaat qilishga haqli.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:

– nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul taqdim etishi;

– zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda nomzodlarga koʻmaklashishi;

– saylovchilarni nomzodlar bilan uchrashuvlar oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida xabardor qilish masalasida nomzodlarga koʻmaklashishi kerak.

Nomzodlarga va ularning ishonchli vakillariga saylovoldi tashviqotini saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali yuritish uchun teng sharoitlar beriladi.

Shu oʻrinda ikki yoki undan ortiq nomzod yoki ularning ishonchli vakillari birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqlimi, degan savol tugʻilishi mumkin.

Qonunchilikka muvofiq, nomzodlar va ularning ishonchli vakillari boshqa nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzodlar tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli. Fikrimizcha, bitta yigʻilishda ikki va undan ortiq nomzodning ishtirok etishi saylovchilarda ularning dasturlarini va oʻzlarini bevosita solishtirish orqali muayyan fikrga kelish imkonini beradi.

Saylovoldi tashviqotini yuritish borasidagi saylov qonunchiligining oʻziga xos jihati shundaki, nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini yuritish uchun davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladi. Ularga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratiladi. Ayrim mamlakatlar, xususan, AQSH, Polsha va boshqa davlatlarda saylovoldi tashviqoti yuritish uchun davlat mablagʻlari ajratilishi koʻzda tutilmagan. Gretsiya, Isroil va Fransiyada esa ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda efir vaqti siyosiy partiyalarning parlamentda tutgan oʻrni va ijtimoiy faolligiga qarab ajratiladi.

Italiya, Fransiya, Rossiya va boshqa davlatlarda saylov kuni tashviqot yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi. Fransiyada ovoz berish kuniga 7 kun qolganida, Vengriyada 8 kun qolganida jamoat fikri soʻrovlari natijalari, saylov natijalari prognozlari va oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlar nashr etilmaydi.

Mamlakatimizda saylovoldi tashviqoti jarayonida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi qonunchilikda aniq belgilab qoʻyilgan. Yaʼni nomzodlar, siyosiy partiyalar ommaviy axborot vositalaridan qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq holda teng foydalanadi. Bundan koʻrinib turibdiki, saylov qonunchiligimiz saylovoldi tashviqoti yuritishda ayrim xorijiy davlatlar qonunchiligi bilan qiyos qilinganda oʻziga xos afzalliklarga ega.

Xulosa qilib aytganda, saylovoldi tashviqoti saylov jarayonining muhim qismi boʻlib, unda Prezidentlikka nomzodlar uchun bir xil shart-sharoitlar taʼminlanadi. Jumladan, nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovoldi dasturlarining mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish, saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazish orqali tanishtirishda teng huquq va imkoniyatlar yaratiladi. Ushbu huquqiy kafolatlar, nomzodlar va siyosiy partiyalarga oʻz dasturlarini keng targʻib qilish imkonini beradi hamda saylovchilarga nomzodlar orasidan eng munosibini tanlashga sharoit yaratadi. Shuningdek, saylovning demokratik mazmunini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Xushvaqt HAYITOV,

yuridik fanlar doktori, professor