2020-yilning 15-sentyabrdan 15-oktyabrga qadar xorijiy sayyohlar orasida “Oʻzbekiston haqidagi taassurotlar”, mahalliy sayyohlar orasida ichki va xavfsiz turizmni ommalashtirishga yoʻnaltirilgan “Mening sayohatim” promo-aksiyalari eʼlon qilindi. Ularda fuqaroligidan qatʼi nazar, barcha shaxslar ishtirok etishi mumkin. Promo-aksiyada ishtirok etish tartibi va shartlari:

- fotosuratlar promo-aksiyada eʼlon qilish ishtirokchining oʻzi tomonidan amalga oshiriladi;

- Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi (facebook.com/uzbektourism.uz, facebook.com/uzbekistan.tourism) kanallariga hamda Instagram tarmogʻidagi (@uzbekistan.travel) sahifasiga obuna boʻlish lozim;

- aksiyada ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurgan (tashrifning aniq davri chegaralanmaydi) xorijiy hamda mahalliy sayyohlar mamlakat hududida sayohati davomida olingan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook va Instagram) sahifalariga #UzbekistanImpressions va #MeningSayohatim xeshteglari bilan joylashtirish.

Eslatma: internet tarmogʻida eʼlon qilinayotgan fotosuratda haqoratlovchi yoki shaʼnga teguvchi soʻzlar boʻlmasligi hamda ushbu fotosuratlar salbiy tusga ega boʻlmasligi lozim. Bir oy davomida tashkil etiladigan aksiya doirasida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda #UzbekistanImpressions va #MeningSayohatim xeshteglari bilan joylashtirilgan ishtirokchilar roʻyxati shakllantirilib boriladi. Shakllantirilgan ishtirokchilar roʻyxatini saralash va tasodifiy gʻolibni aniqlash joriy yilning 30-oktyabr kuni onlayn www.random.org generatori orqali Qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.

Promo-aksiyaning 2 nafar (har ikkala yoʻnalishda) gʻolibiga tashkilotchilar tomonidan gʻoliblik sertifikati va Oʻzbekiston turizm brendi logotipi tushirilgan esdalik sovgʻalari jamlanmasi topshiriladi. Shuningdek, aksiya yakuni bilan har bir yoʻnalish boʻyicha Komissiya tomonidan tanlangan “Eng yaxshi fotosuratlar” Qoʻmitaning rasmiy veb-saytlari hamda boshqa manbalarda eʼlon qilinadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.