Sayyohlik maskani barpo etishga 7 milliard soʻm

    Turizm 7 Oktabr 2020 617

    Jizzax viloyatida bugungi kunda turistik faoliyatni amalga oshiruvchi 11 ta firma va tashkilotlar faoliyat koʻrsatyapti. Ular tomonidan 2019-yilda 18,5 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat koʻrsatilgan.

    2019-yilda viloyat boʻyicha mehmonxonalar 38 984 nafar mehmon qabul qilgan.

    Viloyatda bugungi kunda mehmonxona va boshqa mehmon qabul qilish maskanlari soni 39 tani tashkil etadi. Ulardan 31 tasi mehmonxonalar boʻlib, 16,1 foizi bir yulduzli, 6,5 foizi ikki yulduzli, 16,1 foizi uch yulduzli va 61,3 foizi toifaga ega boʻlmagan mehmonxonalardir.

    Viloyatning Zafarobod tumani Chimqoʻrgʻon QFY hududi Aydarkoʻl sohil boʻyida 10 gektar maydonda yiliga 2 500 nafardan ortiq turist qabul qilishga moʻljallangan turizm maskani tashkil etish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Qiymati 7 milliard soʻmga teng boʻlgan loyihada Aydarkoʻl sohil boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish, hududda mehmonxona, xiyobon, restoran, konfrenszali, qayiqda baliq ovlash va kichik choʻmilish oromgohini tashkil etish kabi rejalar koʻzda tutilgan.

    Loyiha tashabbuskori “Afrosiyob Savdo Markazi” MCHJ hisoblanib, 2021-2022-yillar davomida ishga tushiriladi hamda 20 oʻrinli yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Jizzax viloyati Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi matbuot xizmati.