Erta tongdan, agentlikning aholiga sayyor xizmat koʻrsatish uchun ajratilgan maxsus avtobusi dehqonchilik va baliqchilikda dongʻi ketgan Mingbuloq tumani tomon yoʻlga otlandi. Maqsad esa bitta aholiga yengillik va qulaylik yaratish. Dastlab, soha xodimlari davlat xizmatlaridan uyda oʻtirib ham foydalanish mumkinligi haqida yigʻilganlarga tushuntirish olib bordilar. Shundan soʻng, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishga kirishdilar. Shu kuni farzandini maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatga qoʻyish, kommunal xizmat koʻrsatish tarmoqlariga ulanish, kadastr pasportini shakllantirish, soliqdan qarzi bor yoki yoʻqligi haqida maʼlumot olish va yana bir qator xizmatlardan foydalandilar.

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari tomonidan shu kuni 20 dan ortiq fuqarolarga sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatilgan boʻlsa, 35 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi. Jumladan, Mingbuloq tumaning Qizilqum mahallasida yashovchi fuqarolar Xotamjon Saidov va Fotima Hamroyeva 2014-yil qonuniy nikohdan oʻtmay oila qurishgan. Ular oradan 7 yil vaqt oʻtib, ikki farzandning ota-onasi boʻldilar. Farzandlariga tugʻilganlik guvohnomasini olishda qiyinchiliklarga duch kelgan edilar. Ularning uchinchi farzandi dunyoga kelishidan avval nikoh guvohnomasini olish uchun ariza bilan murojaat qildilar. Fuqaro Fotima Hamroyeva homiladorligi sabab ularning nikohni qayd etilganligini tasdiqlovchi hujjat sayyor tartibda yashash xonadoniga yetkazib berildi.

Shu kuni Mingbuloq tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tumandagi 19-sonli umumtaʼlim maktabida tahsil olayotgan ertamiz egalari hamda maktab oʻqituvchilari uchun davlat xizmatlari markazlarida koʻrsatilayotgan xizmatlardan elektron tarzda foydalanish afzalliklari haqida tushuntirish-targʻibot tadbirlarini amalga oshirdilar. Taʼkidlash joiz, hozirgi vaqtga qadar Namangan viloyatidagi 775 ta mahalla fuqarolar yigʻinining 350 tasida tushuntirish-targʻibot tadbirlari amalga oshirilib unda, 8500 nafarga yaqin fuqarolar qamrab olindi. Shuningdek, viloyatdagi 724 ta taʼlim muassasasining 365 tasida targʻibot tadbiri oʻtkazilib, bunda 13 ming nafar oʻqituvchi va oʻquvchilarga elektron xizmatdan foydalanish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi.

Uzoq qishloq va ovullarda yashaydigan aholi ha deganda tuman markaziga kelib davlat xizmatlaridan foydalanishga vaqti va imkoni boʻlmaydi. Yoki davlat xizmatlari sohasiga oid muammo va takliflarini bildirishga vaqt top olmaydi. Ana shunday pallalarda esa mobil avtobus bunday fuqarolarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilishga koʻmaklashadi. Shuningdek. elektron xizmatlardan foydalanish boʻyicha aholi va tadbirkorlik subyektlariga yoʻl yoʻriqlar koʻrsatish orqali ularning vaqti va naqdini tejalishiga xizmat qiladi.