Dunyo boʻylab qariyb 770 million katta yoshlilar oʻqish va yozishni bilmaydi, ularning uchdan ikki qismi ayollardir. Bu haqda “MIR 24” xabar berdi.

UNESCO bosh direktori Odri Azule kattalar taʼlimi boʻyicha 7-xalqaro anjumanda bu boʻyicha maʼlumot bergan. Mutaxassis kattalar taʼlimini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirgan. BMT va UNESCO maʼlumotiga koʻra, aholining savodxonligi boʻyicha eng muammoli hudud Afrika davlatlari hisoblanadi. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha antirekord Somaliga tegishli boʻlib, u yerda 15 va undan katta yoshdagilar orasida aholining atigi 5 foizi oʻqish va yozishni biladi. Ikkinchi oʻrinni Chad (22 foiz), uchinchi oʻrinni Mali (31 foiz) egallagan.

2019-yilda dunyo aholisining 86 foizdan ortigʻi savodli boʻlgan. 1979-yilda faqat 68 foiz aholi oʻqish va yozishni bilgan. Biroq, UNESCO maʼlumotida koronavirus pandemiyasi koʻplab mamlakatlarda taʼlimga toʻsqinlik qilgani keltirilgan. Tashkilot maktablarning yopilishi tufayli yarim milliarddan ortiq odam oʻqish va yozishni oʻrganishda davom ettira olmagani yoki umuman oʻrganishni boshlamaganini taʼkidlagan.