2017-2018-yillarda mahalliy olimlar tomonidan jami 1,121 ta maqola chop etildi (2017-yilda – 590 ta, 2018-yilda – 531 ta). Ulardan faqat 10 ta maqola maʼlumotlar bazasidan chiqarilgan jurnallarda chop etilgan (2017-yilda – 3 ta va 2018-yilda 7 ta). Bu 1 foizdan ham kam boʻlib, aslida yaxshi koʻrsatkich hisoblanadi. Oʻz navbatida 2019-2020-yillardagi nashrlar kelgusi yil tekshirilishi maqsadga muvofiq ekanini taʼkidlash joiz.
Scopus – bu taqriz qilinayotgan adabiyotlar: ilmiy jurnallar, kitoblar, va konferensiya materiallarida berilgan havolalar haqidagi qisqacha tavsif va maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan eng yirik maʼlumotlar bazalaridan biridir. Scopus ilm-fan, texnika, tibbiyot, sotsiologiya, sanʼat va gumanitar fanlarning turli sohalarida dunyo tadqiqot natijalari haqida keng qamrovli maʼlumotlar berib, tadqiqotlarni kuzatish, tahlil qilish va vizuallashtirish uchun intellektual vositalarni taklif etadi.
Scopus maʼlumotlar bazasiga kirish uchun noshir elektron ariza toʻldirib, tegishli soʻrovnoma yuborishi kerak. Dunyoning turli sohalaridan 30 nafarga yaqin olimlar va kutubxonachilardan iborat Maslahat qoʻmitasi tomonidan taklifga ijobiy baho berilsa, nashr havola qilinuvchi nashrlar roʻyxatiga kiritiladi. Agar rad javobi olingan boʻlsa, takroriy ariza bir yildan soʻng yuborilishi mumkin.
Bu maʼlumotlar bazasi tomonidan indekslanadigan nashrlar orasida boʻlishning yagona yoʻli emas. Xalqaro xizmat ekspertlari, ularning fikriga koʻra qoʻmita tomonidan koʻrib chiqishga loyiq boʻlgan maqolalarni mustaqil ravishda taqdim etish huquqiga ega.
Tanlovdan oʻtish uchun nashr muayyan mezonlarga javob berishi kerak, jumladan, chop etish muntazamligi (yiliga kamida bir marta), ingliz tilidagi maqolalarning toʻliq nashr etilishi, materiallarni yuqori sifatda taqdim etish, tadqiqotlarning ommaviyligi, ommabopligi, ishonchliligi, ingliz tiliga tarjimasi bilan oʻz veb-saytining mavjudligi, obunachilar soni (nashriyotchilarga barcha talablar va tavsiyalar nashriyot veb-saytida joylashtirilgan).
Deyarli har doim, ekspertlar kengashi ISSN, retsenziyalar, maqolalarda foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatlari, maqolalarga ingliz tilidagi izohlar va oʻz internet-manbasi boʻlmagan taqdirda arizalarni rad etadi. Oxirgisi yuqori texnik va tarkibiy darajada bajarilgan boʻlishi kerak.
Elsevier, shuningdek, vaqti-vaqti bilan Scopus maʼlumotlar bazasidan chiqarib tashlangan jurnallar roʻyxatini eʼlon qiladi. Agar chiqarib tashlangan jurnalda chop etilgan maqola Scopus maʼlumotlar bazasiga tushib boʻlgan boʻlsa, u oʻsha yerda indekslanishni davom ettiradi. Ammo maʼlumotlar bazasidan chiqarib tashlangan nashrda chop etilishini kutayotgan ishlar endi Scopusda indekslanmaydi. Buning oqibatida esa olim oʻz vaqti, resursi va pulini yoʻqotadi. U oʻziga mos jurnalni topish va ikkinchi marta ham kuyib qolmaslik uchun yana sarf-xarajat qilishiga toʻgʻri keladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi respublikamiz olimlarining maqolalarni xalqaro ilmiy nashrlarda eʼlon qilish boʻyicha faolligi monitoringini muntazam ravishda olib boradi.