Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va masʼul xodimlari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar kengashi aʼzolari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.

Majlisda migratsiya qonunchiligini takomillashtirish, mehnat migrantlarini tayyorlash va ishga joylashtirish, xorijdagi migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, pul ishlash maqsadida joʻnab ketayotgan fuqarolarni xabardor qilish va ularga xizmat koʻrsatish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohasida 2021-2022-yillardagi faoliyati toʻgʻrisida Agentlik rahbari birinchi oʻrinbosari S.Sayfutdinovning axboroti eshitildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro migratsiya tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 2021-2023-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani taʼkidlandi. Xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini, ijtimoiy va moddiy himoyasini yanada mustahkamlash maqsadida Rossiya, Qozogʻiston va Turkiyada Agentlikning qoʻshimcha 24 ta vakolatxonasi taʼsis etildi. Jami 94 mingga yaqin xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazi, kasb-hunarga oʻqitish markazlari va qisqa muddatli kurslarda oʻqitildi. 31 ta xorijiy davlatning 359 ta ish beruvchisi va kadrlar agentligi bilan tuzilgan shartnomalar asosida 135 504 fuqaro xorijga ishlashga yuborildi.

Bundan tashqari, oʻrganish davrida mehnat migratsiyasidan qaytgan 993 100 fuqaroning 722 844 nafari respublika iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ish bilan taʼminlangani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, senatorlar oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida qator tizimli kamchiliklar aniqlanganini taʼkidladi. Xususan, mehnat migrantlari borayotgan asosiy hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar mavjudligiga qaramay, ishchilarni uyushgan holda yollash darajasi pastligicha qolyapti.

Xorijiy davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning shartnoma-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, senatorlar xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning sogʻligʻi va hayotini sugʻurtalash polislari xorijiy davlatlarda hamma vaqtda ham tan olinmasligiga, bu esa ularning ijtimoiy himoyalanganini va zarur tibbiy xizmatlarni oʻz vaqtida olish imkoniyatlarini sezilarli darajada pasaytirayotganiga eʼtibor qaratdi.

Bundan tashqari, qator tuman kasb-hunar taʼlimi markazlarida mehnat migrantlarini tayyorlashda muammolar borligi taʼkidlandi. Senatorlar ularning moddiy-texnik bazasi yetarli emasligini, bu oʻquv dasturlarini yangilashni talab etishini, mahalliy va xorijiy mehnat bozorining zamonaviy talablariga javob bermasligini taʼkidladi.

Shuningdek, qator vazirlik va idoralar elektron maʼlumotlar bazalari integratsiyalashuvi, “Labor migration” elektron tizimini takomillashtirish va boshqa masalalar ham batafsil muhokama etildi.

Majlis yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.