Unda Senat aʼzolari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, qoʻmita huzuridagi ekspertlar, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatida dastlab Senatning qonunchilik jarayonida tutgan oʻrni va ahamiyati boʻyicha suhbat ishtirokchilarning qizgʻin munozarasiga sabab boʻldi.

Xususan, Senat oxirgi 5 yilda Konstitutsiya va Oliy Majlis faoliyatining asoslarini shakllantiruvchi qonun hujjatlaridagi vakolatlar hamda Prezident tomonidan mamlakat taraqqiyotida parlament ishtirokini kuchaytirishga doir belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat va jamiyat hayotidagi oʻzgarish va yangilanishlarga hamohang tarzda Senatda xorijiy investitsiyalar, turizm, korrupsiyaga qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash, xotin-qizlar, gender tenglik, yoshlar, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish, axborot siyosati, ochiqlik kabi muhim yoʻnalishlarga ixtisoslashgan yangi qoʻmitalar tashkil topganligi va bunday tizimli yondashuv Senatning qonun ijodkorligi jarayonida katta ahamiyat kasb etayotganligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, davra suhbati ishtirokchilari Senat qonunchilik sohasida amalga oshirayotgan ishlari, erishilayotgan natijalariga ahamiyat qaratdi.

2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davrida Senatning 18 ta yalpi majlisi oʻtkazilib, ularda davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga doir 300 dan ortiq masala koʻrib chiqildi. Jumladan, yalpi majlislarda 127 ta qonun koʻrib chiqilgan va ularning 119 tasi maʼqullangan, 8 tasi konseptual kamchiliklari boʻlgani bois rad etilgan.

Taʼkidlanishicha, oxirgi yillarda asosiy eʼtibor qonunchilik faoliyatida islohotlarning huquqiy asoslarini yaratish va yanada mustahkamlashga, hududlar va umumdavlat manfaatlariga javob beradigan xalqchil, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilganligi alohida qayd etildi.

2017-2021-yillarda 313 ta qonun qoʻrib chiqilgan boʻlib, shundan 10 tasi rad etilgan (Maʼlumot uchun: 2010-2016-yillarda 179 ta qonun koʻrib chiqilgan, ulardan birortasi rad etilmagan).

Shuningdek, Senat qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti emasligiga qaramasdan amaldagi qonunlar ijrosini monitoring qilish, tahlil va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish amaliyotining joriy etilganligi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻtgan davrda, 10 dan ziyod qonunlarning hududlar va tarmoqlardagi ijrosi holati oʻrganilib, natijalar bevosita hududning oʻzida tanqidiy-tahliliy muhokama qilingan. Shuningdek, Senat qoʻmitalari tomonidan amaldagi 20 ga yaqin qonun bugungi kun talablariga mosligi baholandi va ularni takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar belgilandi.

Davra suhbati yakunida qonunchilik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar muhokama etildi va qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.