Birgina oʻtgan yilning oʻzida 31 ming nafardan ziyod ilmiy xodim ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyati bilan shugʻullangan boʻlsa, ularning qariyb 40 foizini ayollar tashkil etgan.
Xususan, xotin-qizlarning 73 foizi oliy taʼlimda, 16,5 foizi davlat sektorida, 10 foizi tadbirkorlik sohasida, 0,2 foizi notijorat sektorida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanmoqda.
Tahlillarga koʻra, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi ayollar asosan Toshkent shahrida yigʻilgan (49,6 foiz). Hududlarda esa ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchilar koʻrsatkichi pastligicha qolmoqda.
Ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan ayollarning 3 568 nafari ilmiy darajaga ega boʻlib, ularning 707 nafari fan doktori, 2 412 nafari fan nomzodi va 449 nafari PhD ilmiy darajasiga ega xodimlar hisoblanadi.
Hozirgi kunda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq umumiy yillik moliyaviy hajmi 45,4 mlrd. soʻmlik 82 ta ilmiy loyiha (27,8 mlrd. soʻmlik 57 ta amaliy, qariyb 17 mlrd. soʻmlik 25 ta innovatsion loyiha) olima ayollar tomonidan bajarilmoqda.