Senat Raisi bunday muloqot BMT bilan koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan nihoyatda muhim ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekistonning BMT bilan oʻzaro aloqalari tobora kengayib borayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, ekologiya, madaniyat va taʼlim yoʻnalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etildi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligi faollashganiga alohida eʼtibor qaratildi. Darhaqiqat, bugungi kunda BMTning Oʻzbekistondagi ixtisoslashgan muassasalari tomonidan “yashil” iqtisodiyot, iqlim oʻzgarishi, savdoni rivojlantirish va shu kabi yoʻnalishlarda 174 million dollarlik 137 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Oʻzbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qoʻshayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. Jumladan, Oʻzbekiston tashabbusi bilan soʻnggi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, BRMga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga oid aniq qadamlarni qoʻllab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Senat va BMTning Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi oʻrtasida 2024-yil uchun alohida harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurati eʼtirof etildi. BMT bilan Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyi aholisining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, hududda zamonaviy ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini barpo etish boʻyicha yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqish, 2022–2025-yillar uchun “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya qoidalarini implementatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish yuzasidan BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
Doʻstona va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida barcha sohalarda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.