Majlisda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimiz tashqi siyosatini amalga oshirish, Oʻzbekiston davlat manfaatlari va mamlakat fuqarolarining xorijiy davlatlar bilan munosabatlarda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda huquqlarini himoya qilish boʻyicha muayyan faoliyat amalga oshirilgani taʼkidlandi. Bunda vazirliklar, idoralar, muassasalarning xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha faoliyatini tartibga solishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, TIVning faol ishtirokida 2021-yilning birinchi yarim yilligida davlat rahbarining 40 dan ortiq tashrifi va xorijiy mamlakatlarning yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

Ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida vazirlik va idoralar, mamlakat hududlari hokimliklari vakillarining xorijiy mamlakatlarga 125 ta tashrifi boʻlib oʻtdi.

Vazirlik tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda jami 411,5 mln AQSH dollari miqdorida 473 ta eksport shartnomasi tuzildi. 88,27 mln dollarlik begʻaraz texnik yordam mablagʻlari va grant jalb etildi. Mahalliy mahsulotlar eksportini yanada samarali targʻib qilish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida 706 ta turli tadbir, taqdimotlar oʻtkazildi, xorijiy ommaviy axborot vositalarida 719 ta material chop etilishi taʼminlandi.

Shu bilan birga, Senat tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish, shuningdek, uni xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi muhokama qilish jarayonida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar borligi taʼkidlandi.

Xususan, diplomatik missiyalar tomonidan taklif etilayotgan investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan tizimli ishlarni tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Istiqbolli tashqi savdo bozorlarini tahliliy va marketingga oid tadqiq etish tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi, shuningdek, ularning natijalarini tegishli vazirliklar, idoralar, tadbirkorlik tuzilmalari va yetakchi eksport qiluvchi korxonalarga tezkor taqdim etilmasligi taʼkidlandi.

Vazirlikda moliyaviy intizomni kuchaytirish va byudjet mablagʻlari sarflanishi ustidan samarali nazorat oʻrnatish zarurligi taʼkidlandi (Moliya vazirligi tomonidan aniqlangan 23 ta holat boʻyicha 1 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar ortiqcha sarflanishiga yoʻl qoʻyilgan).

Shu bilan birga, senatorlar Senat qarorlari va Senat qoʻmitalari qarorlarining qator qoidalari oʻz vaqtida ijro etilmasligiga urgʻu berdi. Xususan, bu yuqori darajadagi tashriflar natijalaridan kelib chiqqan holda imzolangan “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish holati toʻgʻrisidagi axborotlarni eshitish yakunlari boʻyicha kuzatilgan.

Har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tegishli idoralarga, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga TIV faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq topshiriqlar va tavsiyalar berildi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining
Axborot xizmati