Senatda Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan seminar o‘tkazildi

    Harbiy 14 Yanvar 2025 322

    2025-yil 13-yanvarda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi munosabati bilan Senatda seminar o‘tkazildi.

    Seminarda yangilangan Konstitutsiyaning 64-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligi alohida qayd etildi.

    2024-yil 15-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani alohida ta'kidlab o‘tildi.

    Ushbu qarorga muvofiq endi chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tdi. Endi bu vazifaga Qurolli Kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishga qabul qilinadi.

    Mazkur fan bo‘yicha yangi o‘quv dasturi va darsliklar yaratilyapti. Har bir tuman va shaharda bittadan maktab negizida «Jasorat maktabi» faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti.

    Oliy o‘quv yurtlarida esa mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlashning yangi tizimi yaratilib, malaka talablari va ta'lim sifatini oshirish ustuvor vazifa etib belgilanyapti.

    Seminarda ozodlik, tinchlik va osoyishtalik yo‘lida o‘z jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini, ular jasoratini, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlanganiga to‘xtalib o‘tildi.

    Ma’lumki, 2020-yilga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan deb hisoblanar edi. Jahon arxivlari o‘rganilishi natijasida O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlangan.

    Shuningdek, seminarda olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soni bo‘yicha ham oydinlik kiritilgani, ilgari bu ko‘rsatkich 120 ming deb qayd etilgani haqida ma’lumot berib o‘tildi. Yangi ma’lumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshlarimiz uchala darajadagi «Slava» ordeniga sazovor bo‘lgani qayd etildi.

    Seminar davomida har yili Prezidentimiz tashabbusi bilan mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani uchun harbiylarimiz davlat mukofotlari, xususan «Shon-sharaf», «Mardlik» ordenlari hamda «Jasorat» va «Sodiq xizmatlari uchun» medallari bilan taqdirlanib kelinayotgani qayd etildi.

    2024-yilda 2023-yilga nisbatan jangovar shaylik tadbirlari 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishilyapti.

    Shu bilan birga, qo‘shinlarda operativ tayyorgarlik tadbirlari AQSh, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorligida o‘tkazildi. Bo‘linmalar tomonidan zamonaviy janglarda yangi qo‘llanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llash mahoratlari oshirilyapti.

    Seminar davomida tizimda kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlar faol davom ettirilib, 2024-yilda havo-hujumidan mudofaa qo‘shinlari radiolokatsiya stansiyasi mutaxassislarini o‘qitish va qayta tayyorlash markazi tashkil etilib, o‘quv markazlar soni 20 taga yetkazilgani, jangovar mutaxassislik bo‘yicha jami 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar markazlarda o‘qitilgani qayd etildi.

    Bu kabi jarayonlarda nafaqat O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, balki Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistonning harbiylari ham ishtirok etayotgani seminar ishtirokchilarining e'tiborini tortdi.

    Chindan ham bugungi kunda harbiy xizmatchilarimizning professional mahorati va obro‘-e'tibori jahon miqyosida ham yuksalib boryapti. Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining so‘nggi ikki yilda nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

    Albatta, bu va boshqa natijalar dunyoning «Global Fayrpauver Indeks-2023» jurnalida ham aks etib, milliy armiyamiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi, dunyo armiyalari orasida esa 54-o‘rinni egallaganligi qayd etildi.

    Seminar davomida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida «insonni qadrlash» degan oliyjanob maqsad mujassam ekanligi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.