Unda Qoʻmitaning 2022-yildagi faoliyati hamda 2023-yil birinchi yarim yillikda amalga oshiradigan ustuvor vazifalari haqida axborot berildi. Majlisda Qoʻmita aʼzolari, doimiy asosda ishlovchi senatorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Qoʻmita oʻz faoliyatini 2022-yilda Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlari, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida aks etgan vazifalarga muvofiq olib bordi.
Xususan, Qoʻmita aʼzolari ishtirokida qonunchilik va parlament nazorati faoliyati doirasida 20 ta majlis oʻtkazilib, ularda 48 ta masala muhokama etildi. Senatning yalpi majlislariga 7 ta qonun va 5 ta masala tayyorlangan, Hukumatga yuborilgan 3 ta parlament soʻrovi natijalari muhokama etildi. Senat Kengashi muhokamasiga 3 ta masala olib chiqildi hamda vazirlik va idoralarga 28 ta senator soʻrovlari yuborilgan.
Qonunchilik faoliyati doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari va Qoʻmitaning ekspertlar guruhi aʼzolari jalb etilgan holda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda Senatga kiritilgan 7 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida Qoʻmitaning 40 nafardan iborat ekspertlar guruhi aʼzolari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida 10 ta nazorat-tahlil tadbirlari oʻtkazilgan. 50 dan ortiq taklif-tavsiyalar asosida 3 ta Senat Kengashi qarori, Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi bilan 1 ta qoʻshma qaror, xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi bilan 1 ta qoʻshma qaror hamda 5 ta Qoʻmita qarori qabul qilindi.
Xususan, aholi orasida eng koʻp tarqalgan va erta oʻlimning asosiy sababi boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish holati Fargʻona viloyatida oʻrganildi. Oʻrganish natijalari boʻyicha xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi bilan Qoʻmitaning qoʻshma qarori qabul qilindi.
Shuningdek, “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va Jizzax viloyatidagi Axborot-kutubxona markazlaridagi ijrosi oʻrganildi va axborot-kutubxonalarida mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan Qoʻmita qarori qabul qilinib, aniq topshiriq va tavsiyalar berildi.
Amaliy natija: qaror ijrosi yuzasidan Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazi binosida 7,6 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi. Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi qaroriga asosan axborot-kutubxona markazini jihozlash uchun 3,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, markaz toʻliq zamonaviy kutubxona jihozlari bilan taʼminlandi. Zafarobod tumani axborot-kutubxona markazi uchun maydoni 290 m2 boʻlgan bino ajratib berilib, qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.
Qoʻmita tomonidan reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati oʻrganildi.
Shuningdek, Qoʻmita tomonidan joriy yil 21-oktyabrda shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishi uchun ushbu obyektlarni moslashtirish masalasi Senat Kengashi kun tartibiga qoʻyildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan mahalliy Kengashlar deputatlari bilan tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 400 dan ortiq aholi murojaatlari koʻrib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Hisobot davrida saylovchilar bilan 2 665-marta uchrashuv tashkil etilgan.
Yil davomida Qoʻmitaga 2 665 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, 204 tasi ijobiy hal etildi, 590 tasi taalluqliligi boʻyicha vazirlik va idoralarga yuborilib, nazoratga olingan 1 871 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan.
Shuningdek, Qoʻmita tomonidan 2023-yilning birinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish reja haqida ham axborot berib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.