Senat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan ushbu majlisda Senatning oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Xususan, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021-yilning birinchi choragidagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, koʻchki xavfi mavjud togʻ va togʻoldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy obyektlar xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari boʻyicha Favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi oʻrinbosari axboroti eshitildi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.

Xususan, davlatimiz rahbari joriy yilning 18-19-fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Qayd etish lozimki, 2019-yilda viloyatning Chortoq va Namangan tumanlaridan 57 ming nafar aholi istiqomat qiluvchi 6,3 ming gektar yer maydonlari Namangan shahri tarkibiga qoʻshilishi natijasida ushbu hududda yashovchi aholining shahar markaziga qatnovida va boshqa sohalarda turli muammolar yuzaga kelgan.

Shu sababli ham Namangan shahri hududining 8,2 ming gektar yer maydoni hamda 155,6 ming nafar aholisiga ega yana bir Yangi Namangan tumanini tashkil etish va bu orqali fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish hamda aholiga qulaylik yaratish choralarini koʻrish taklifi ilgari surilmoqda.

Yangi Namangan tumanining tashkil qilinishi tumanda zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilishi va aholiga xizmat koʻrsatish tizimi yana-da rivojlanishiga va eng asosiysi, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.