Seysmik muammolarga munosib yechim

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 2-iyun sonida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti boshligʻi oʻrinbosari, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori Bobomurod Qurbonovning “Seysmik muammolarga munosib yechim” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Tabiiy ofatlar orasida kuchli zilzila ayanchli oqibati, jiddiy talafoti bilan ajralib turadi. Tabiatning ushbu hodisasi bir necha soniya ichida yuzlab, minglab insonlarning qurbon boʻlishiga va juda katta miqdorda iqtisodiy zarar yetishiga sabab boʻlishi mumkin.

    Geologik joylashuviga koʻra, Oʻzbekiston Oʻrtayer dengizi — Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Shu bois, yurtimiz hamda unga chegaradosh hududlarda tez-tez kuchli va sezilarli zilzilalar sodir boʻlib turishi tabiiy hol. Ayniqsa, mamlakatimizning markaziy, sharqiy va janubi-sharqiy qismi seysmik faol hudud hisoblanadi. Aynan ushbu joylarda aholi zich istiqomat qilishi hamda koʻplab muhim iqtisodiy obyektlar joylashgani seysmik xavfsizlikni taʼminlash naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

    Sohani takomillashtirishga doir bir qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinganiga qaramasdan, mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni taʼminlash borasidagi muammolar toʻliq hal etilmagan edi. Jumladan, seysmik kuzatuvlar tarmogʻi xalqaro monitoring tarmoqlariga integratsiya qilinmagan, mavjud stansiyalar yurtimiz hududini toʻliq monitoring qilish imkonini bermas edi. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni zilzila paytida harakatlanishga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilmagan, aholining barcha qatlamini ehtimoliy zilzilaga tayyorlash sohasi raqamlashtirilmagan va AKTga toʻliq integratsiya qilinmagan edi.

    Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni sohadagi shu kabi muammolarga munosib yechim boʻldi.

    Mamlakatimizdagi seysmik faol hududda yashayotgan har bir fuqaro zilzila xavfini esdan chiqarmasligi kerak. Biroq shu kunga qadar aholining barcha qatlami, jumladan, davlat organlari rahbarlar tarkibi va masʼul xodimlarini zilzilaga tayyorlash boʻyicha alohida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etilmagan.

    Endi 2023-yil 1-yanvardan boshlab seysmik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha davlat organlari rahbar kadrlari va xodimlarini zilzilaga tayyorlashga moʻljallangan milliy elektron taʼlim platformasi yaratilib, onlayn shaklda malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi. Mazkur kurslar uch yilda bir marotaba milliy elektron platformasiga kiritilgan zamonaviy dasturlar asosida amalga oshiriladi.

    Bugun hech bir sohani axborot texnologiyalarisiz tasavvur qila olmaymiz. Jumladan, aholining barcha qatlamini zilzilaga tayyorlashda qogʻoz shaklidagi buklet va eslatmalardan, nazariy maʼruzalardan foydalanib kelinayotgandi.

    Bu yil 1-avgustga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda aholining barcha qatlamini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan soʻng toʻgʻri harakat qilishga mustaqil oʻrgatish uchun moʻljallangan mobil ilova ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

    Yana bir yangilik: kelgusi yili 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi aholisini zilzilaga tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

    Joriy yil 1-iyulga qadar tashkilotlarga tegishli soha mutaxassislarini jalb etgan holda zilzila va uning oqibatlariga oid koʻrgazmali oʻquv-uslubiy vositalardan foydalanib, amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Vaholanki, bunga qadar tashkilotlarda tegishli soha mutaxassislarini jalb etgan holda zilzilaga tayyorlash boʻyicha amaliy oʻquv mashgʻulotlari tizimli ravishda olib borilmagan.

    2022-yil 1-avgustga qadar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholi qatlami, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zilzilada harakat qilishga moʻljallangan oʻquv-uslubiy qoʻllanma ishlab chiqiladi.

    Zilzila paytida amaliy harakatlanishni oʻrgatishga moʻljallangan koʻchma mobil zilzila simulyatorini yaratish boʻyicha maqsadli innovatsion loyiha ishlab chiqiladi va 2022-2023-yillarda amalga oshiriladi. Bu esa olis va chekka qishloqlarda istiqomat qiladigan aholini zilzila paytida harakatlanishga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.

    Sohada ilm-fan jadal surʼatda rivojlanayotgani amaldagi seysmik rayonlashtirish xaritalarini yanada takomillashtirish imkoniyatini yaratdi. Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti olimlari tomonidan 2017-yilda yurtimizning yangi umumiy seysmik ra yonlashtirish xaritasi tuzildi va Qurilish vazirligida amaliyotga tatbiq etildi. Ammo taʼkidlash kerakki, bugun mamlakatimizda aholi soni ortib borishi, markaziy shaharlarda barpo etilayotgan osmonoʻpar bino-inshootlar, mavjud va yangi qurilayotgan gidrotexnik inshootl arning seysmik xavfsizligini taʼminlash uchun sohada maqsadli ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirish, shuningdek, joylarning seysmik faolligini aniq hisobga olish uchun umumiy seysmik rayonlashtirishdan tashqari har bir shahar va yirik aholi punktlari uchun seysmik mikrorayonlashtirish xaritalarini tuzish zarurati yuzaga keldi.

    Shu kunga qadar seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalar yetarli darajada moliyalashtirilmagan.

    2022-yil 1-avgustga qadar seysmologiya, inshoot larning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasi muammolari ilmiy yechimiga qaratilgan takliflar oʻrnatilgan tartibda shakllantirilib, moliyalashtirish masalasini hal qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

    Farmon bilan tasdiqlangan konsepsiya va “yoʻl xaritasi” orqali sohada ilm-fanni yanada rivojlantirish va natijalarini amaliyotga joriy etish, seysmoprognostik monitoring tarmogʻini yanada takomillashtirish, aholining barcha qatlamini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan soʻng toʻgʻri harakatlanishga tizimli oʻrgatish hamda ularning tayyorgarligini muntazam oshirib borish kabi kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, kuchli zilzila oqibatida mamlakatimizda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan jiddiy talafotlarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.