Oʻzbekiston Respublikasi AKT vazirligi delegatsiyasining Ispaniya Qirolligida boʻlib oʻtayotgan “MWC Barcelona-2022” Jahon mobil kongressida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov va Bahrayn Qirolligi transport va telekommunikatsiyalar vaziri Kamol bin Ahmad Muhammad oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Bahrayn Qirolligi oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, jumladan, IT tadbirkorlikni rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Xususan, Oʻzbekistonda Bahrayn IT kompaniyalarining vakolatxonalarini ochish va IT Park rezidentligiga jalb qilish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Bugungi kunda yurtimizda mahalliy hamda xorijiy IT biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun barcha sharoitlar yaratilyapti. IT Park bunda vizalarni olishda, korxonani yuridik jihatdan rasmiylashtirishda, imtiyozli ravishda binolarni ajratishda, bank hisob raqamlarini ochishda, soliq imtiyozlarni taqdim etishda hamda malakali kadrlarni tanlashda tashkiliy koʻmak beradi.
Rezidentlikdan tashqari, uchrashuvda Bahrayn IT-kompaniyalarining, Oʻzbekistonda startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur jamgʻarmalarni jalb etish masalalari koʻrib chiqildi.
Respublikamizda BPO va KPO-xizmatlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirishda Bahraynlik IT kompaniyalarni jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Bahraynning IT kompaniyalar malakali ishchilarni raqobatbardosh shartlar asosida keng jalb etishlari mumkin boʻladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda yosh va mehnatga loyiq aholining bandligini oshirishda va yuqori maoshli IT kasblarni egallash orqali ularning daromadlarni oshirishga zamin yaratadi.
Shuningdek, Bahrayn davlat tashkilotlari va kompaniyalarining 2022-yil 24-26-oktyabr kunlari Oʻzbekistonda AKT haftaligi doirasida boʻlib oʻtadigan “ ICT Week Uzbekistan” xalqaro raqamli forumda ishtirok etish uchun taklif berildi.
Tomonlar keng va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, ularni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.