Brokerlarning asosiy ish quroli kompyuter. Ular uchun mahalliy va xorijiy bozorda taklif etilayotgan mahsulotlar hajmi va narx-navosi juda muhim. Kompyuter monitorida paydo boʻlayotgan turli xildagi jadval, kotirovkalarni tahlil qilish, shu asosda mijozlar uchun mahsulotlarni tanlash ish mohiyatini belgilaydi. Tabiiyki, mijoz uchun zarur boʻlgan tovarni imkon qadar pastroq narxda sotib olishga intiladi.
Toʻlqin Turdiqulov birjaning malakali brokerlaridan biri. Oʻn sakkiz yildan buyon shu yerda 200 dan ortiq hamkasbi bilan ish yuritadi.
—Keyingi yillarda birjada savdolarning amalga oshirilishi, mijozlarga xizmat koʻrsatish izimlari zamonaviylashgani holda, juda soddalashib boryapti, — deydi broker. — Mening xorijiy mijozlarim koʻproq BAA, Pokiston, Hindiston mamlakatlaridan. Ular koʻproq kimyo sanoati mahsulotlariga qiziqish bildirishadi. Koʻpga bormaylik, bundan besh-olti yil oldin ham ularni birja roʻyxatidan oʻtkazish uchun koʻp vaqt ketardi. Hozir bir, nari borsa ikki kunda bu ish amalga oshadi.
Talab va taklif, sof raqobat, kotirovka, zamonaviy axborot texnologiyalari birjalar faoliyatining mohiyati va tarkibini belgilaydi. Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi ham xuddi shunday asosda ish yuritadi. Uning savdolari aylanmasi soʻnggi uch yilda 2 baravarga oʻsib, 90 trillion soʻmga yetgan, sotiladigan tovarlar soni esa 3 baravardan ziyodga koʻpaygan.
Yaqin paytga qadar birjaning mamlakatimizda 13 ta hududiy filiali, mingdan ortiq brokerlik idoralari, 300 dan ziyod mahalliy va 20 ta xorijiy savdo maydonchasi mavjud boʻlib, 3000 nafardan ortiq treyderlar mijozlarga xizmat koʻrsatardi.
—Endilikda birja faoliyati yanada kengayib boryapti, — deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinov. — Prezidentimiz tomonidan shu yil 28-mayda imzolangan “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, un mahsulotlari joriy yil 1-iyundan, gʻallani esa 1-iyuldan boshlab ochiq birja savdolariga qoʻyilishi belgilandi.
Bugʻdoyni birja orqali tumanlarda samarali sotilishini yoʻlga qoʻyish maqsadida 20 mingdan ziyod fermerlar oʻqitildi. Ularning xoʻjaliklari birjada elektron raqamli imzo orqali soddalashtirilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilib, brokerlik idoralariga biriktirildi. Shuningdek, birja mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston Savdo sanoat palatasining qariyb 200 nafar, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi buxgalterlar markazining 1 500 dan ziyod hodimi ham birja savdolari yoʻnalishida oʻqitildi.
Birjamizning bugungi mavjud elektron infratuzilmasi uning savdolarida ishtirok etishga chogʻlanayotgan fermer xoʻjaliklari va klasterlarga ham, tadbirkorlik subyektlariga ham zamonaviy xizmat koʻrsatishni toʻla taʼminlay oladi. Fermerlardan bugʻdoyni birja savdolariga qoʻyganda garov mablagʻi talab etilmaydi hamda ular birjaning komission toʻlovlaridan ozod etilgan.
Mahsulotni sotishda birjaning hisob-kitob kliring xizmati keng qoʻllaniladi. Bunda fermerga toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq kelib tushishi kafolatlanadi.
Qarorda gʻalla bozorini erkinlashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan. Jumladan, 500 ming tonna bugʻdoy fermerlar tomonidan ochiq birja savdolari orqali bozor narxlarida sotiladi.
Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Shuhrat Mirzayevning qayd etishicha, gʻalla bozorini erkinlashtirish fermerlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Yangi tizim boʻyicha sugʻoriladigan yerning har bir gektaridan 2,5 ming tonnadan bugʻdoyni birja orqali sotuvga chiqaradi, qolganini fermer, klasterlar erkin bozor narxlarida sotadi. Har yili jahon bozori, birja narxlaridan kelib chiqib gʻallaga tavsiyaviy narx ishlab chiqiladi. Hozir belgilangan 3 million soʻm yakuniy narx emas, u oʻzgarib boradi. Eng asosiysi, fermerlar asta-sekin erkin savdoga kirib boradi.
Bugungi kunda viloyatlarda gʻalla oʻrimi davom etyapti. Joriy yil mamlakatimizda 1 million 32 ming gektar maydonda 7,8 million tonna bugʻdoy yetishtirilishi kutilmoqda. Ushbu koʻrstakich oʻtgan yilga nisbatan 1,1 million tonnaga koʻp. Bu koʻplab fermerlar hosildan yaxshi daromad oladi, degani. Qolaversa, avvallari fermerlar 43 ta don korxonasi bilan ishlangan boʻlsa, oxirgi 3 yilda bugʻdoyni qayta ishlash boʻyicha sohaga 160 dan ortiq xususiy sektor subyektlari ham oʻz xizmatlarini taklif etyapti.
Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi sharoitida 2020-yil 16-apreldan, un mahsulotini birja savdolarisiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida yetkazib berish boʻyicha vaqtinchalik tartib oʻrnatilgan edi. Biroq ushbu tizim shaffof boʻlmaganligi sababli joriy yilning may oyida arzonlashtirilgan unning bir qopi 140-145 ming soʻm atrofida sotilishi tavsiya etilganligiga qaramay, mazkur masulot mamlakatimizning turli hududlarida oʻrtacha 270-290 ming soʻm atrofida sotib kelingan.
Joriy yil 1-iyundan boshlab 1-navli un mahsuloti “Oʻzdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan ochiq birja savdolariga qoʻyilishi va sotilishi boshlandi. Bunda, avvalgi tizimdan farqli ravishda birja savdolari shaffoflik va bozor tamoyillari asosida oʻtkazilmoqda.
—Oʻtgan davrda birja savdolari un bozorida barqaror holat shakllanganligini namoyon etdi, — deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati rahbari Hikmatullo Tillaboyev. — Unning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 668,9 ming soʻmdan 4 278,5 ming soʻmgacha, yaʼni 8,4 foizga pasaydi. Soʻnggi savdo kunlarida birjada un boʻyicha shakllangan kotirovka uning boshlangʻich narxi (4 224,9 ming soʻm)ga nisbatan atigi 1,2 foizga oʻsgan. Demakki, un birjada deyarli oʻzining boshlangʻich bahosida sotilib kelinmoqda.
Narxini pasayishiga bozorda taklifning yuqori darajada saqlanayotganligi oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Maʼlumki, tasdiqlangan jadvalga muvofiq, joriy yil iyun oyida jami 192 ming tonna un mahsuloti birja savdolariga qoʻyilishi belgilangan edi. Oʻtgan davrda “Oʻzdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan birja savdolariga 175,7 ming tonna un mahsuloti qoʻyildi va ulardan 146,7 ming tonnasi, yaʼni 83,5 foizi xarid qilindi. Sotilmagan un hajmi 29 ming tonnani tashkil qildi. Bu zaxira talab oʻsgan paytlarda narxlarni barqarorlashtirish maqsadida qoʻshimcha hajm sifatida birja savdolariga qayta qoʻyiladi.
—Un savdolarida biz ham faol ishtirok etib kelyapmiz, — deydi broker Toʻlqin Turdiqulov. — Boshlanishida talabning koʻpligi narxning biroz oshishiga olib keldi. Lekin un va makaron mahsulotlari hajmining oshishi uning narxini pasaytirdi. Savdo jarayonlari shaffof oʻtyapti. Biz avvallari Toshkent shahridagi 55 ta non ishlab chiqaruvchi korxonaga xizmat koʻrsatsak, keyingi paytda ularning soni 81 taga koʻpaydi. Lekin muammo yoʻq. Eng muhimi, birjada istagancha un mahsulotlari bor va ular narxi tobora pasayib boryapti.
1-iyuldan boshlab birjaga gʻalla mahsulotlari qoʻyila boshlandi. Bizning asosiy mijozlarimiz Toshkent viloyati fermer va klasterlari hisoblanadi. Ular bu kunni qanchalik orziqib kutganini yaxshi bilamiz. Shu bois shaffof, xolis va malakali xizmat koʻrsatish uchun yaratilgan barcha imkoniyatlardan foydalanib, ularga yaqindan yordam berib kelyapmiz.
Savdolarning shaffofligini taʼminlash maqsadida un mahsulotlarini kunma-kun birja savdolariga qoʻyilish hajmlari va uning narxlari rasmiy vebsayt, ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda eʼlon qilinib borilmoqda. Gʻalla boʻyicha ham shunday tartibda ishlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Muxtasar aytganda, mamlakatimiz gʻallachiligi tarixida erkin bozor munosabatlarining yangi davri boshlandi.
Savdolarning ilk kuni fermer va klasterlar tomonidan 16 395 tonna gʻalla ochiq birja savdolariga qoʻyildi. Undan 8 007 tonna qismi, yaʼni 48,8% hajmi sotildi. Taʼkidlash kerakki, birjaning bugʻdoy bozorida taklif etilgan mahsulot hajmi yetarli boʻldi.
Oʻtkazilgan birja savdo yakunlariga koʻra bugʻdoyning oʻrtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 3 227,0 ming soʻmni tashkil qildi. Birjada gʻalla boʻyicha shakllangan kotirovka uning boshlangʻich narxi (3 041,9 ming soʻm)ga nisbatan 5,7% ga oʻsdi.
Abdurauf QORJOVOV,
Iqtisodiy sharhlovchi