Shaharsozlik sohasi jamoatchilik nazorati markazida bo‘ladi

    Fuqarolarning musaffo tabiiy muhitga bo‘lgan huquqlari ta’minlanmasdan turib, ularning salomatligini va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash imkonsizdir.

    Chang to‘zonlari, ob-havoning haddan tashqari isib yoki sovib ketishi, suv tanqisligi bugunimiz haqiqatiga aylanib bo‘ldi. Shu tariqa, tabiat o‘zgarishlari inson salomatligi va hayotiga ta’sir qiluvchi muhim omil ekani kun sayin oydinlashib bormoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, inson salomatligining 20-40 foizi aynan shu o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Tabiiy zaxiralar keskin kamayayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda bu omil yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

    So‘nggi yillarda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish masalalariga mamlakatimizda jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Zero, fuqarolarning musaffo tabiiy muhitga bo‘lgan huquqlari ta’minlanmasdan turib, ularning salomatligini va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash imkonsizdir.

    Sanoat rivojlanishi natijasida dunyo miqyosida atrof-muhit muhofazasi masalasi davr talabi sifatida kun tartibidagi dolzarb muammoga aylanmoqda. Buning oldini olish uchun biz tabiatga e’tibor qaratib, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutishimiz zarur. Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Shuning uchun davlat ushbu sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni rag‘batlantirish va sharoit yaratish chora-tadbirlarini o‘z zimmasiga olmoqda.

    Atrof-muhitni ifloslantiruvchi chang-gaz va kimyoviy ingrediyentlarini o‘zida singdirib, tabiatni kislorod bilan boyituvchi daraxtzorlar ekotizim holati barqarorligini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi. Shaharlarda tashkil etilgan daraxtzorlar boshqa hududlarga nisbatan yozda havo haroratini 3-4 darajaga pasaytiradi. Yashil hududlar havoni 60-85 foiz turli chang-gaz va karbonat angidriddan tozalaydi, shovqinni 10-12 desibelgacha pasaytiradi. Bir gektar o‘rmondagi daraxtlar 900 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 600 kilogramm kislorodni havoga chiqaradi. Yana bir ma’lumot: Bir gektar ko‘kalamzor 1 soat ichida 200 kishi nafas olganda chiqaradigan miqdordagi karbonad angidridni o‘zida singdira oladi.

    Shunday sharoitda atmosfera havosini muhofaza qilish, atrof-muhit sofligi, aholi salomatligini ta’minlashda shaharsozlik loyiha hujjatlarida ko‘kalamzorlashtirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

    So‘nggi yillarda daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu yaxshi, albatta. Lekin Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida keng qamrovli qurilish ishlari amalga oshirilmoqdaki, bu qurilish loyiha hujjatlarining barchasi ham ekologik ekspertiza xulosalarini olgan hamda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan, deb bo‘lmaydi.

    Masalan, 2022 yilda 9000 tupdan ziyod daraxt va butalar noqonuniy kesilishi (ular orasida 2000 tupga yaqin noyob daraxtlar bo‘lgan) bilan bog‘liq 4700 ga yaqin huquqbuzarlik holati aniqlangan. Bundan tashqari, Toshkent shahrida 423 tadbirkorning shaharsozlik normativ hujjatlari ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagan, shundan 332 xo‘jalik yurituvchi sub’yekt o‘rab olgan hududlardagi daraxt va butalarning 100 dan ziyodi qurib qolgani va 20 tasi turli kasallikka chalingani ma’lum bo‘ldi.

    Bu holatda ekologiyaga yetkazilayotgan zararni kamaytirish zarurati yuzaga chiqmoqda. Ayniqsa, ayrim shahar va qishloqlarimizda olib borilayotgan qurilishlarning ekologiyaga zarari belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lmoqda. Daraxtlar va o‘simlik qoplamlarining qisqarishi hisobiga turli tabiiy ofatlar yuzaga kelmoqda.

    Jumladan, 2020-2022 yillarda aholidan kelib tushgan 15 ming murojaatning barchasida qurilishlardan norozi bo‘lgan holat aks etgan. Sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilish to‘xtatib qo‘yilgan, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganidan dalolat bermoqda.

    Shu bois, aholi va keng jamoatchilik takliflaridan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 49-moddasida davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash, qurilishlarning tabiatga zararli ta’siriga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda.

    Shaharlarning bosh rejalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shartligi haqidagi bunday norma hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi. Ushbu norma fuqarolarning xavfsiz, toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga nisbatan konstitusiyaviy huquqini mustahkamlaydi va insonlar uchun sog‘lom ekologik muhit yaratiladi.

    Shu tariqa, endilikda davlat jamoatchilikning shaharsozlik hujjatlari loyihalari ustidan nazoratini kuchaytirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik loyiha hujjatlarida hududlarning geografik joylashuvi, uning tuproq-iqlim sharoitlari, hudud ekologik holati hamda ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi.

    O‘lmas SOBIROV,

    Tabiat resurslari vazirligining

    Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari

    ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i