O‘zbekistonda ko‘prik va tunnel quruvchilarga litsenziya berish talabi kuchaytiriladi
“Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston hududida doimiy muassasasi bo‘lgan norezident yuridik shaxslar ham balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida taʼmirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishlari mumkin. Litsenziya olish uchun murojaat etish muddati 15 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.
Shuningdek, hujjat bilan shaharsozlik sohasidagi ayrim litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaytirilmoqda.
Masalan, ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirishda litsenziya olish uchun tashkilot shtati kamida 15 nafar mutaxassisga ega bo‘lishi lozim, shulardan asosiy ish joyi sifatida ishlovchi:
- direktor;
- soha bo‘yicha oliy maʼlumotga va loyihalashtirish sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega 3 nafar loyiha bosh muhandisi;
- bosh arxitektor;
- 2 nafar texnolog;
- 2 nafar konstruktor.
Litsenziyani, shu jumladan, chet el (doimiy muassasasi mavjud) yuridik shaxslar olishlari mumkin. Ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqarmoqda.
Shuningdek, quyidagi faoliyat bo‘yicha litsenziyalarni olish uchun talablar kuchayadi:
- ko‘priklar va tunnellarni qurishga;
- xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha.
Yangi litsenziya talablari 2024-yil 1-martdan kuchga kiradi, unga qadar tegishli litsenziyaga ega tashkilotlar o‘z faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirishlari lozim.
2024-yil 1-apreldan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan holda qurilgan bino va inshootlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 25-noyabrdan kuchga kirdi.