Yaqin vaqtlargacha tayinli ish topa olmay norasmiy tarzda yo'lovchi tashish bilan shug'ullanishga majbur bo'lgan shaxslar endilikda, ushbu ish faoliyatini qonuniylashtirib, o'zini o'zi band qilmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 7- iyuldagi “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo'nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo'shimcha qulayliklar yaratish to'g'risida”gi qarori bilan sohada ana shunday yangi qulayliklar joriy etildi. Xususan, 2022-yil 1- sentyabrdan 2024-yil oxiriga qadar yo'lovchilarni haydovchidan tashqari to'rttadan ortiq bo'lmagan o'rindiqlarga ega bo'lgan yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati o'zini o'zi band qilgan shaxslar shug'ullanishi mumkin bo'lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro'yxatiga kiritildi. Buning uchun fuqaro litsenziya olishi talab etiladi.
Samarqand shahar adliya bo'limi DXM bosh mutaxassis Hazrat MEYLIQUV bu boradagi tartib-qoidalar, litsenziya olish talablari haqida yozdi.
Litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qo'yilgan talab bekor qilingan bo'lib, mazkur faoliyat bilan shug'ullanuvchilar bir yilda bir marotaba transport vositasini texnik ko'rikdan o'tkazishi, “Uztrans” axborot tizimiga kiritilgan ko'p tarmoqli poliklinikalar va xususiy tibbiyot muassasalari orqali bir yilda bir marotaba tibbiy ko'rikdan o'tishi shart.
Avtomobil transportida yo'lovchilarni tashish faoliyati uchun litsenziya oluvchi shaxs avval soliq idoralari orqali o'zini o'zi band qilishi talab etilardi. endi bu ovoragarchilikka barham berildi. Ya'ni, avtomobil transportida yo'lovchilarni va yuklarni xalqaro yo'nalishlar bo'yicha tashishga litsenziya oluvchilar davlat xizmatlari markazining o'zida yoki my.gov.uz portali orqali xohishiga ko'ra kompazit tartibda o'zini-o'zi band qilgan holda litsenziyaga ariza yuborishi mumkin. Shunday qilib, fuqarolarning bitta litsenziya uchun ikki eshikni taqillatishiga hojat qolmadi. Ariza ikki ish kuni mobaynida ko'rib chiqiladi.
Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan ma'muriy reglament asosida avtomobil transportida yo'lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yo'nalishlar bo'yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko'rsatib kelinmoqda. Bundan tashqari, tijorat asosida amalga oshiriladigan yo'lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yo'nalishlar bo'yicha tashish faoliyati ham litsenziyalanishi kerak. Bunda muhim jihati shuki, litsenziyaning amal qilish muddati cheklanmaydi. Ariza beruvchi bu borada Davlat xizmatlari markazi yoki onlayn shaklda murojaat qiladi.
Ushbu jarayonda davlat xizmatlarini ko'rsatganlik uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig'im va faoliyatni amalga oshirish yuzasidan litsenziya varaqalarini berish uchun “Davlat boji to'g'risida”gi qonunda belgilangan miqdorlarda davlat boji undiriladi. Yo'nalishsiz taksi faoliyati masalasiga kelsak, bu uchun litsenziya varaqasi berilganida davlat boji barcha turdagi tashuvchilardan faqat yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida undiriladi. Bunda davlat xizmatlarini ko'rsatganlik uchun yig'im undirilmaydi.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, joriy yilning 9 oyida birgina Samarqand shahar adliya bo'limi Davlat xizmatlari markaziga mazkur masalada jami 8 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo'lib, ularning 6 mingdan ziyodi onlayn kelib tushgan murojaatlardir. Fuqarolar mazkur xizmatdan “Fuqaro e'tibor markazida” tamoyili asosida qulay va oson foydalanishmoqda.