Tadbirda Shanxay universitet rahbariyati va professor-oʻqituvchilari, oʻzbekistonlik talabalar tabrik soʻzlarini izhor etdi, buyuk mutafakkirning gʻazal va ruboiylaridan namunalar oʻqildi.

- Universitetimiza hududida oʻrnatilgan Alisher Navoiy haykali Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy-maʼrifiy munosabatlarning yuksak timsolidir, - dedi Shanxay universitetining Xalqaro aloqalar boshqarmasi direktori oʻrinbosari Lyu I. - Bugungi tadbir biz uchun ham qadrlidir. Men buyuk shoir Alisher Navoiy tavallud topgan kun munosabati bilan barchani chin yurakdan muborakbod etib, oʻzaro madaniy va marifiy aloqalarni yana-da yuksalishini tilab qolaman.

Eslatib oʻtamiz, Shanxay universiteti hududida oʻrnatilgan Alisher Navoiy haykalining balandligi 3,6 metr va ogʻirligi 3 tonnani tashkil etadi. U oʻzbekistonlik haykaltarosh Ravshan Mirtojiyev tomonidan ishlangan va 2017-yil ikki mamlakat rasmiylari ishtirokida tantanali tarzda oʻrnatilgan.