Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Unda Sharda universiteti Hindistonning yetakchi xususiy oliy taʼlim muassasalaridan biri ekanligi taʼkidlandi.

Maʼlumki, 2019-yil oktyabr oyida Andijon shahrida Sharda universiteti filiali oʻz faoliyatini boshladi. Hozirgi vaqtda mazkur universitetda 200 ga yaqin yoshlar tahsil olmoqdalar.

Uchrashuv chogʻida Andijondagi universitetning bugungi kundagi faoliyati va oldinda turgan rejalar xususida fikr almashildi.

Xususan, Sharda universiteti vakili mamlakatimizda barcha sohalarda yaratilgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlarni alohida taʼkidlagan holda yaqin istiqbolda Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish niyatini maʼlum qildi.

Bu borada “Sharda Hospital” koʻp tarmoqli universitet klinikasi ishtirokida respublikamizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining biri negizida tegishli klinikani ishga tushirish boʻyicha investitsion loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Ashok Daryani hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilish maqsadida Sharda universiteti prezidenti Pradip Gupta boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifini amalga oshirishga tayyorligini maʼlum qildi, deb xabar beradi Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi matbuot xizmati.