Keyingi yillarda aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan samarali ishlarning davomi sifatida joriy yil 14-sentyabrda “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni imzolandi.
Mazkur Farmonning qabul qilinishidagi asosiy maqsad fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish, ayrim shartnomalarni tuzishda oʻrnatilgan sunʼiy cheklovlarni olib tashlash, shuningdek, shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.
Shartnomaviy munosabatlar borasida qonunchilikda ortiqcha talablar, cheklovlar sir emas. Ushbu talablar endilikda oʻzgardi, yengillashdi yo bekor boʻldi.
Oldindan toʻlov shart emas
Amaldagi qonunchilikda tijorat banklari tomonidan yetkazib berilgan mahsulot uchun haqni bevosita mahsulot yetkazib beruvchiga toʻlanishi, toʻlovlarning uchinchi shaxslar hisobidan undirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan edi. Ushbu cheklov aholi va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan oʻrnatilgan ortiqcha talab boʻlib, hozirgi kunga kelib oʻz dolzarbligini yoʻqotgan.
- Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar tomonidan isteʼmolchilar va buyurtmachilarga, agar ular yetkazib beriladigan mahsulotlar qiymatining kamida 15 foizini oldindan toʻlamasalar, mahsulot joʻnatishi taqiqlangan boʻlib, bu qoida boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qaraganda davlat ulushi mavjud korxonalarga nisbatan kamsituvchi holat hisoblanadi va erkin bozor munosabatlari shakllanishida salbiy taʼsir beradi.
Oʻz navbatida, ushbu talab tadbirkorlik subyektlarining shartnoma shartlarini erkin belgilash huquqlariga ham zid hisoblanadi. - Ushbu holatlarni bartaraf qilish maqsadida, Farmon bilan 2021-yil
1-dekabrdan quyidagilar bekor qilinadi: - - tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiq;
- - davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni koʻrsatish) toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan toʻlovni belgilashga doir talab;
- - qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.
- Chet el valyutasida qarz berish va olishga ruxsat berildi
Fuqarolar tomonidan oʻzaro bir-biriga qarz berish va qarz olish masalasi jamiyatda juda keng tarqalgan munosabatlardan hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olish boʻyicha shartnoma tuzishga ruxsat etilmagan edi. Fuqarolik kodeksiga muvofiq, pul (valyuta) fuqarolik huquqlari obyektlari qatoriga kiritilgan va fuqarolik qonunchiligining umumiy qoidalariga muvofiq erkin muomalada boʻlishi lozim.
Qonunchilik bilan oʻrnatilgan cheklovlar mavjudligi sababli, fuqarolar tomonidan qarz munosabatlarining predmeti sifatida chet el valyutasida qarz shartnomasini tuzish imkoniyati mavjud emas edi.
Farmon bilan ushbu cheklovlar olib tashlandi. Endilikda, jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida oʻzaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berildi.
Elektron auksion gʻolibining huquqlari yanada himoyalandi
Yaʼni qarzdorlik mulkka emas, mulkdorga yoʻnaltirilishi prinsipi joriy etildi.
Amaliyotda ijro hujjatlari asosida elektron auksion natijalariga koʻra, gʻolib deb topilgan fuqarolar oʻz nomiga mol-mulkni rasmiylashtirishda fuqarolar ayrim muammolarga duch keladilar. Masalan, savdo yakuniga koʻra obyektni (bino, transport va h.k.) yutib olgan fuqarolar egalik qilish huquqini rasmiylashtirish jarayonida ushbu obyekt tijorat bankda garovda turganligini bilib qoladilar yoki boshqa taqiqlar mavjudligi aniqlanadi. Natijada fuqaro ziyon koʻrishi mumkin.
Ilgʻor xorijiy davlatlarda ushbu muammoga yechim topilgan. Xususan, Ispaniya, Germaniya va boshqa davlatlarda auksion sotuviga qoʻyilgan obyekt barcha qarzlardan va taqiqlardan holi boʻlgach, auksionga joylashtiriladi. Kommunal, soliq va boshqa turdagi qarzdorlik mol-mulkka nisbatan emas, balki qarzdor fuqaro nomiga rasmiylashtiriladi. Bunda, mol-mulk yangi egasiga qarzlarsiz topshiriladi.
Mazkur muammolarni yechish maqsadida, Farmon bilan 2022-yil 1-yanvardan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish boʻyicha elektron onlayn auksion oʻtkazishda yangi tartib oʻrnatiladi. Masalan, ushbu tartibga koʻra, sud hujjati bilan qarzdor deb topilgan shaxsning avtotransport vositasi elektron onlayn auksionda sotuvga qoʻyilib, avtotransport vositasi bilan bogʻliq qarzlar va taqiqlar aniqlanganda, sotuvdan tushgan mablagʻlar hisobiga ushbu qarzlar va taqiqlar yechilgandan soʻng auksion gʻolibiga topshiriladi. Agar
mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablagʻlari yetarli boʻlmasa, qarzdorlikni toʻlash majburiyati uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qoladi.
- Elektron tijoratda majburiyatlarning bajarilishi kafolati kuchaytirildi
Farmon bilan eskrou tizimini joriy etishga ruxsat beriladi. Bu nima uchun muhim?
Avvalo, eskrou tizimi nima degan savolga javob bersak. Eskrou tizimida xaridor maʼlum tovar uchun pul mablagʻlarini toʻgʻridan toʻgʻri sotuvchiga emas, saqlash uchun uchinchi shaxsga – eskrou-agentga (masalan, elektron savdo maydonchasi operatoriga) oʻtkazadi. Xaridorga tovar yetib kelib, u shartnomada belgilangan sifat va talablarga muvofiq ekaniga xaridor ishonch hosil qilgach, ushbu pul mablagʻlar sotuvchiga oʻtkaziladi. Shartnoma shartlari bajarilmaganda esa, pul xaridorga qaytarib beriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, eskrou xaridor va sotuvchi oʻrtasida tovar
va xizmatlar sifatini hamda toʻlovni kafolatlovchi vazifasini oʻtaydi. Yaʼni shartnoma shartlari bajarilmaganida, u yoki bu tomonning toʻlov bilan huquqlari buzilmasligiga olib keladi.
Tayyor shartnoma namunalari taqdim etilmoqda
Yuqorida qayd etilgan Farmon bilan aholi va tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan qulayliklardan biri sifatida shartnomalar namunalarini “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirib borilishini aytish mumkin. Ushbu maxsus portal orqali joylashtirilgan shartnoma namunalarini fuqarolar va yuridik shaxslar oʻzlariga zarur boʻlgan shartnoma namunalarini yuklab olib, kundalik faoliyatlarida foydalanishlari mumkin boʻladi. Buning yana bir ijobiy tomonlaridan biri ushbu shartnoma namunalarini qonunchilikka kiritiladigan oʻzgartirishlardan kelib chiqib nazorat holatida yuritilishidir.
Xulosa
Farmon bilan shartnomaviy munosabatlardagi koʻplab muammo
va kamchiliklarni bartaraf qiluvchi tartiblar oʻrnatilgan. Bu esa aholi
va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoit yaratilishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlik subyektlari shartnomaviy munosabatlarga kirishishda qonunchilik normalariga amal qilishlari, shartnoma tuzishda uning shartlari va huquq va majburiyatlari sifatida nimalar belgilanganligiga eʼtibor qaratishlari va ularni bajarishga tayyor boʻlishlari lozim.
Alisher Karimov, Adliya vaziri oʻrinbosari.