Shavkat Mirziyoyev: Haqiqiy ahvolni bilish, odamlarning ogʻirini yengil qilish uchun mahallangizga oʻzim keldim

    Hukumat 5 Fevral 2021 7805

    Xalq deputatlari sessiyasidan soʻng Prezident kutilmaganda Fargʻona shahridagi Shodiyona mahallasiga bordi. Mahalla oralab yurib, aholi bilan uchrashdi.

    - Mana, bugun viloyatlaringizga yangi hokim qoʻydik. Mahallabay ishlash tizimini joriy qilyapmiz. Haqiqiy ahvolni bilish, odamlarning ogʻirini yengil qilish uchun mahallangizga oʻzim keldim, - dedi Shavkat Mirziyoyev ayollar bilan suhbatda.

    Onaxonlardan biri ertaga oʻgʻlining toʻyi boʻlishini aytdi. Prezident ularni tabriklab, yosh oilaga baxt, sogʻlik tiladi.

    Kutilmagan tashrifdan xursand boʻlgan odamlar davlatimiz rahbariga sihat-salomatlik, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

    Sohibqiron Temur koʻchasi boʻylab yurilib, uy-joylar, savdo shoxobchalari koʻzdan kechirildi.

    Shavkat Mirziyoyev mahalla idorasiga kirib, mahalla raisi va maslahatchilar bilan suhbatlashdi. Aholining yashash sharoitlari, hududdagi muammolarni soʻradi. Ularni hal etish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.