Adliya vazirligi fuqarolarni shaxsga doir maʼlumotlarga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga chaqirdi.
Chunki turli toʻlov operatorlari va ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar tomonidan aholiga xizmat koʻrsatish, shu jumladan, davlat xizmatlari koʻrsatishda ularning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetlari orqali yordam koʻrsatish taklif qilinmoqda.
Aksariyat hollarda tadbirkorlar va toʻlov operatorlari tomonidan aholiga koʻrsatilgan xizmatlar yakuni boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarning yigʻilishi hamda bu maʼlumotlar boshqa shaxslarga berilishi va oqibatda undan turli gʻaraz niyatlarda foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Lekin shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunda mulkdor va (yoki) operatorning, shuningdek, uchinchi shaxsning shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish bilan bogʻliq boʻlgan xodimlari oʻziga ishonib topshirilgan yoki kasbiy, xizmat yoxud mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli maʼlum boʻlib qolgan shaxsga doir maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻymasligi belgilangan.
«Shaxsga doir maʼlumotlarni duch kelgan kishilarga, shaxsingizga oid maʼlumotlarni sir saqlashni kafolatlay olmaydigan subyektlarga taqdim etmang. Aks holda ular maʼlumotlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanishi mumkin« deyiladi axborotida.