Qonun bilan, jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish kiritildi.

Unga koʻra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internetda fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilayotganda Oʻzbekistonda joylashgan texnik vositalarda hamda shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 7 baravari (1 mln 890 ming soʻm), mansabdor shaxslarga esa 50 baravari (13 mln 500 ming soʻm) miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Qonun bilan shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, ushbu qilmish maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan soʻng bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllaniladi:

BHMning 150  baravarigacha (40 mln 500 ming soʻmgacha) miqdorda jarima;  3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;  2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Ushbu oʻzgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach amalga kiritiladi.