Bunda, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasinning qabul qilinishi huquqiy munosaabatlarni tartibga solishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy munosabatlarning kun sayin rivojlanib borishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilishni hayotiy zaruratga aylantirdi. Chunki har qanday davlat demokratik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga asosan ochiq va adolat jamiyat qurishdagi asosiy maqsad, vazifa va faoliyat yo‘nalishlarini, shaxs huquqlarini ta’minlashga oid normalarn konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyishi lozim.

Natijada, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham shaxs huquqlari kafolatlarini taʼminlash va ularni yanada kengaytirishga qaratilgan kafolatlar konstitutsiyaviy norma sifatida belgilab qoʻyildi. Bu o‘z navbatida, ochiq va adolatli jamiyat barpo etish yoʻlidagi ulkan qadam boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi yanada kengaytirildi. Bunda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari hamda standartlardan kelib chiqib, “Xabeas korpus akti” va “Miranda qoidasi” konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.

Jumladan, tergov ustidan sud nazoratini ta’minlash maqsadida uy-joyda tintuv oʻtkazishga hamda har kim yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligidan kelib chiqib, ushbu huquqlarning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi mumkinligi belgilandi.

Shuni ham qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ–300-son qarorida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatida xolislikni ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasini alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 10-iyundagi PF–89-son Farmonining qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Mazkur Farmonda tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha quyidagi mexanizmlarni joriy etish belgilandi:

a) jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibini joriy etish;

b) jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini kiritish;

c) jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibini belgilash;

d) tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish;

e) tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibini saqlab qolish.

Tergov sudyasiga shaxs huquqlarini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiyalar hamda majburlov choralarini qo‘llash vakolatini berish nazarda tutilmoqda. Ushbu tartiblarning joriy etilishi inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kafolatlari sezilarli kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanib, shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi mustahkamlab qoʻyildi.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 84-maqsadida ham videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanmagan tergov hibsxonalarida ayblanuvchi va sudlanuvchilarni ushlab turishni taqiqlash nazarda tutilgan.

Mazkur tartibning joriy etilishi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlashga hamda ularni asossiz ravishda ushlab turishning oldini olishga xizmat qiladi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga hamda sud-huquq islohotlarini izchil amalga oshirish orqali inson huquqlari kafolatlanishi va ularning ishonchli himoya qilinishi uchun xizmat qiladi.

 

S.A. Maxmudov

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi

katta oʻqituvchisi