Uchrashuvda, Xitoy tomonidan Shensi universiteti prezidenti Yu Syuysyun, vitse-prezident Jen Syaovey, shuningdek “Bir belbogʻ, bir yoʻl” tashabbusi va Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotlar markazi direktori Li Si ishtirok etdi.

Soʻnggi yillarda, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qoʻshma saʼy-harakatlari bilan, Oʻzbekiston - Xitoy doʻstligi va strategik hamkorlik munosabatlarining yuqori surʼati qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqoti, ikki davlat oʻrtasida barcha sohalarda koʻp qirrali amaliy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va jadal rivojlantirish yoʻlida mustahkam zamin yaratadi.

Tomonlar taʼkidlganidek, 11-12-may kunlari Sian shahrida “Markaziy Osiyo+Xitoy Xalq Respublikasi” formatidagi Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining oʻtkazilishi, mintaqaviy oʻzaro hamkorlikni yana-da mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

Oʻz navbatida, Shensi davlat pedagogika universiteti prezidenti Yu Syuysyun, mamlakatimizning mintaqada tutgan oʻrni va Xitoy–Oʻzbekiston oʻrtasidagi koʻp yillik tarixiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro aloqalarning yuksak darajasini qayd etdi.

Bundan tashqari, suhbat chogʻida Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Shensi pedagogika universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish istiqbollari muhokama qilinib, kelgusidagi hamkorlik uchun aniq qadamlar belgilab olindi.

Shuningdek , tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida, ikki tomonlama va koʻp tomonlama qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

Muzokaralar yakunlariga koʻra, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nasirov va Shensi pedagogika universiteti prezidenti Yu Syuysyun oʻrtasida onlayn shaklda hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Ushbu universitet, 1944-yil Sian shahri, Shensi provinsiyasida tashkil etilgan. Universitet Xitoy taʼlim vazirligi tomonidan boshqariladi hamda menejment va oʻqituvchilarni tayyorlaydi. U Xitoyning shimoli-gʻarbiy qismidagi “taʼlim beshigi” sifatida yuqori obroʻga ega nufuzli taʼlim maskani sanaladi.