Yigʻilishda viloyat, tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari, umumtaʼlim maktabi direktorlari hamda oʻqituvchilar ishtirok etdi.

Yigʻilishda bitiruvchilarning oliy taʼlimga kirish boʻyicha eng yuqori va eng past koʻrsatkichga ega boʻlgan umumtaʼlim maktablari qiyosiy tahlil qilindi.

Xususan, viloyat respublikada oliy taʼlim muassasalariga birorta ham bitiruvchisi kirmagan 191 ta maktab direktorlari faoliyatiga baho berilib, majlisda qatnashgan, uzoq yil faoliyat koʻrsatib, natijaga erishmagan 20 nafar maktab direktori lavozimidan ozod etildi, qolganlarini ham ozod etish boʻyicha topshiriq berildi.

Bitiruvchisi oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichlari boʻyicha yuqori natijalardan birini qoʻlga kiritgan Koson tumanidagi 88-sonli maktab jamoasiga kompyuter sinfi sovgʻa qilindi. Gʻuzor tumanidagi 68-sonli ixtisoslashtirilgan maktab va Shahrisabz tumanidagi 7-sonli maktab-internati direktorlari va toʻrt nafar fan oʻqituvchilari “Xalq taʼlimi fidoiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Maktablarda taʼlim sifatini oshirish yuzasidan rahbar va pedagoglarning fikr-mulohazalari tinglandi. Reyting koʻrsatkichlari baland maktab direktorlari esa koʻrsatkichi past maktablar bilan hamkorlikda ishlash boʻyicha takliflar berildi.

Xalq taʼlimi vaziri tomonidan mutasaddilarga taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, kelgusida yuqori bilim va malakaga ega oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.