ShHT davlatlari oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida bitim imzolandi

    Samarqandda boʻlib oʻtgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida bir qator bitimlar imzolandi. Ular orasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitim alohida ahamiyat kasb etadi.

    ShHT — turizmni yanada rivojlantirish uchun eng yaxshi maydon

    Shanxay hamkorlik tashkiloti aʼzolarining umumiy yer maydoni 34 mln. kv.km.ga teng boʼlib, Yevroosiyo qitʼasining 60 foizini tashkil qiladi. Bu tashkilotga aʼzo davlatlar aholisi dunyo aholisining deyarli yarmiga, yaʼni 3,4 mlrd. kishiga (2021-yil hisobi boʼyicha) teng. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, 2030 yilga kelib Xitoy va Hindiston dunyoning oʼnta eng rivojlangan iqtisodiyoti barqaror davlatlari orasida yetakchi oʼrinlarni egallaydi.

    «Standart Chartered» xalqaro bankining tahliliga koʼra, 2030 yilga kelib dunyodagi yetakchi oʼnta iqtisodiyoti yetuk davlatlar YaIMining hajmi 190 trln.ga yetadi, shundan 60 foizi Xitoy, Hindiston va Rossiya hissasiga toʼgʼri keladi.

    Shanxay hamkorlik tashkilotlari aʼzolari oʼrtasida turizmni rivojlantirish salohiyati juda katta. YUNESKO Insoniyatning Umumjahon moddiy va nomoddiy merosi roʼyxatidagi 143 ta moddiy va nomoddiy obʼektlar ShHT aʼzolariga toʼgʼri keladi. ShHT doirasida koʼplab loyihalar va hamkorlik dasturlari, aʼzo davlatlarning xilma-xil madaniyati, madaniy va ijodiy mahsulotlar bilan tanishish uchun yagona turistik makonni yaratish boʼyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. ShHT kotibiyati hozirda Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi (BTShF), UNWTO va boshqa tashkilotlar bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

    Xitoy dunyoga eng koʼp turist «yetkazib beruvchi» davlatga aylandi, chetga pandemiya sababli kiritilgan chiqish cheklovlari olib tashlanganidan keyin chetga 100 milliondan ortiq mamlakat fuqarosi sayohat qilishga tayyor. Hilton Group kompaniyasining Xitoydagi 20 ta eng katta shahar aholisida oʼtkazgan soʼrovnomasiga koʼra, 85 foiz aholi sayohat toʼgʼrisidagi xotiralari hayotidagi eng baxtli lahzalardan biri boʼlganligi, 90 foiz aholi cheklovlar olib tashlangandan soʼng sayohatga chiqmoqchi ekanligini va 50 foiz aholi (yaʼni har ikkinchi inson) kelajakda koʼproq sayohat qilmoqchi ekanligini bildirishgan. Bunday ShHT aʼzolarida cheklovlardan charchagan sayohatchilarni oʼz davlatlariga sayohat uchun jalb qilib, madaniy va turistik boyliklarini koʼrsatish imkoniyatlari mavjudligi anglatadi.

    Turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʼgʼrisidagi bitimning ahamiyati

    Yuqori maʼlumotlardan kelib chiqib, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʼgʼrisidagi bitim qanchalik samara keltirishini bilish qiyin emas. Hindiston, Qozogʼiston, Xitoy, Qirgʼiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʼzbekiston tomonidan imzolangan mazkur bitim turizm rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va xorijiy davlatlar aholisini oʼzaro bir-birlarining madaniy hayoti bilan yanada yaqinroq va yaxshiroq tanishtirishni koʼzda tutadi. ShHTning keng maydoni va juda koʼp aholini qamrab olishini inobatga olsak, turizm borasidagi hamkorlik har bir davlatning turizm sohasi rivojlanishiga xizmat qiladi.

    Turizm va madaniy meros vaziri oʼrinbosari Botir Shahriyorov ushbu bitim ShHTga aʼzo davlatlar oʼrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishi va mustahkamlashini taʼkidladi.

    “Bitimga koʼra, tomonlar ShHTga aʼzo davlatlarning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, tomonlar davlatlari xalqlarining tarixi, madaniyati, tabiati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga hissa qoʼshadilar”, – dedi u.

    Taʼkidlash kerakki, bitimga koʼra davlatlar turizmni rivojlantirish yoʼlida doimiy hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

    Darhaqiqat, turizm sohasida hamkorlikning kengayishi davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga, oʼzaro doʼstona munosabatlarni mustahkamlashga muhim hissa qoʼshadi. ShHT tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm sohasida doimiy hamkorligi esa har tomonlama manfaatlidir.

    Аyni damda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda turizmga katta eʼtibor qaratilayotganini eʼtiborga oladigan boʼlsak, ShHT sammitida imzolangan bitim juda qimmatli va muhim ahamiyatga egadir. Ishonamizki, bu bitim tashkilotga aʼzo davlatlarning turizmi yanada rivojlanishiga munosib hissa qoʼshadi.