SHHTga aʼzo davlatlar Agrar texnologiyalarni almashish va taʼlim boʻyicha koʻrgazma bazasini yaratish konsepsiyasini tasdiqladi

    Xalqaro hamkorlik 13 Avgust 2021 916

    Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev 2021-yil 12-avgust kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining aʼzo davlatlari vazirlarining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oltinchi yigʻilishida ishtirok etdi.

    Tadbir natijalariga koʻra, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha qoʻshma bayonoti maʼqullandi va imzolandi, shuningdek Agrar texnologiyalarni almashish va taʼlim boʻyicha SHHTning koʻrgazma bazasini yaratish konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Vazir qishloq xoʻjaligi sohasi SHHTga aʼzo davlatlar hamkorligining eng faol jabhalaridan biri ekanini taʼkidladi. Koʻrgazma bazasi davlatlar oʻrtasida tajriba almashishga, bozor tamoyillari asosida sohaga oid hamkorlikni rivojlantirishga, yangi yuqori agrotexnologiyalar hamda yuqori texnologiyali qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish sohasidagi ilgʻor bilimlarning keng yoyilishiga hissa qoʻshadi.

    12-avgustda onlayn formatda oʻtkazilgan uchrashuvda bosh kotib Vladimir Norov boshchiligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Kotibiyati, FAOning Yevropa va Markaziy Osiy boʻyicha mintaqaviy vakili Vladimir Rahmanin, shuningdek SHHTga aʼzo davlatlar — Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, Qirgʻiziston, Pokiston va Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha vazirlari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda kelishilgan Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha qoʻshma bayonotga koʻra, aʼzo davlatlar quyidagi yoʻnalishlarni yana-da rivojlantirishni rejalashtirishgan:

    - qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan, xususan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida oʻzaro manfaatli savdo-sotiq qilish;

    - oziq-ovqatni oʻz vaqtida yetkazib berish boʻyicha SHHTning “yashil” transport yoʻlaklari va yoʻnalishlarni tashkillashtirish boʻyicha hamkorlik qilish;

    - qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan oʻzaro almashish uchun veterinariya va fitosanitariya xavfsizligi sohasidagi nazorat organlari boʻyicha hamkorlik oʻrnatish.

    Aʼzo davlatlar SHHTning xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha hamkorligini yana-da rivojlantirishdan manfaatdor.

    Jamshid Xodjayev, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 2023-yilgacha BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Mintaqaviy konferensiyasining 2023-yilgacha amaldagi raisi sifatida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va FAO oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishning muhimligini taʼkidladi. Shuningdek Oʻzbekiston ushbu ikki tashkilotning oʻzaro aloqasini yana-da chuqurlashtirishga koʻmak koʻrsatishga tayyorligini taʼkidladi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjalik vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, SHHT davlatlarining qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorligi toʻgʻrisidagi asosiy hujjat 2010-yilning iyun oyida Toshkent shahrida imzolangan edi.