Jumladan, sud tizimining ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro aloqasi, OAVning sudlarga odil sudlovni amalga oshirishdagi taʼsiri masalalari koʻrib chiqildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozim Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi. Shuningdek, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, kuzatuvchi mamlakatlar – Belarus Respublikasi, Eron Islom Respublikasi Oliy sudlari raislari va sudyalari qatnashdi.

Yigʻilishda SHHT Bosh kotibi V.Norovning yigʻilish qatnashchilariga yoʻllagan videomurojaati namoyish etildi.

SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari oʻrtasidagi hamkorlik oʻzaro anglashuv va ishonch, tashkilot Xartiyasi, aʼzo davlatlarning uzoq istiqbolga moʻljallangan yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma, ShHTni 2025-yilgacha rivojlantirish Strategiyasiga muvofiq hamda mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash tamoyillari asosida mustahkamlanayotgani taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, ShHT umumiy manfaatlarni himoya qilishning samarali tizimidir. Yaxshi qoʻshnichilik va doʻstlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda bu nufuzli tuzilma muhim rol oʻynamoqda. ShHT tashkil etilganidan buyon unga aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va tushunish, yuqori darajadagi ishonch, birgalikda qarorlar qabul qilish ruhi shakllandi.

Tadbirda ShHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda ushbu sohada tajriba almashish borasidagi hamkorligini yanada faollashtirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, sud tizimining ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro aloqasi, OAVning sudlarga odil sudlovni amalga oshirishdagi taʼsiri masalalari koʻrib chiqildi.

Delegatlar sud ishlarini eksterritorial tartibda koʻrib chiqishni joriy qilish masalasiga ham toʻxtaldi. Bunda sudlarni raqamlashtirish va odil sudlovni amalga oshirish jarayonida IT-texnologiyalarni qoʻllash mexanizmiga eʼtibor qaratildi.

Hakamlik sudlari qarorlarini ijro etish, davlat hamda munitsipal xizmatlarga qarshi korrupsiyaviy va boshqa jinoyatlar boʻyicha sud amaliyoti, SHHTga aʼzo davlatlar jinoyat qonunchiligida insonparvarlik tamoyillarini tatbiq etishning ijobiy va salbiy tomonlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Tadbirda Oʻzbekiston sudlarida ishlarni koʻrishning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyat darajasini oshirish borasida joriy etilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haqida taqdimot qilindi. Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish yoʻlida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid jinoyat ishlarini koʻrib chiqish boʻyicha sud amaliyoti, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish sohasida, jumladan, muqobil jazo turlarini tayinlash va ularni qoʻllash mexanizmini ishlab chiqish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Yigʻilish yakuni boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qilindi. Unda SHHTga aʼzo davlatlarining Oliy sudlari oʻzaro ishonchni mustahkamlash, xavfsizlik, barqarorlik, xayrixohlik, xalqlarimiz tinchligi va farovonligini saqlashga yanada koʻproq hissa qoʻshish niyatida ekani oʻz aksini topgan.

Ishtirokchilar milliy va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyor va tamoyillariga asoslangan ShHTga aʼzo davlatlar sud tizimlarini rivojlantirish uchun Oliy sudlar oʻrtasida mazmunli muloqotni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

ShHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining navbatdagi yigʻilishi 2022-yilda Tojikiston Respublikasi Oliy sudi raisligida oʻtkaziladi.