O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o'rinbosari B.Turabov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Hindistonning Lakxnau shahrida SHanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a'zo mamlakatlar oliy audit organlari rahbarlarining navbatdagi VI yig'ilishida ishtirok etdi.
“Yangi texnologiyalarning audit jarayoniga integratsiyalashuvi” mavzusida o'tgan bu yilgi ko'p tomonlama uchrashuvda “sun'iy aql” va “kiberxavfsizlik” masalalarida muhokamalar bo'lib o'tdi.
Taqdimotda O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi to'g'risida, xususan, palata oldiga davlatimiz rahbari tomonidan axborot texnologiyalarini audit jarayonlariga keng tadbiq etish yuzasidan yuklatilgan vazifalar haqida ma'lumot taqdim qilindi.
Jumladan, respublikamizda barcha nazorat organlari tomonidan o'tkaziladigan davlat auditi tadbirlarini muvofiqlashtiruvchi “Davlat auditi” dasturi hamda turli idoralarning axborot bazalaridan ma'lumot olgan holda masofaviy nazoratni amalga oshiruvchi “Kameral nazorat” dasturi haqida so'z bordi.
Mazkur texnologiyalar boshqa ko'plab mamlakatlar amaliyotida mavjud emasligini hisobga olib, ushbu innovatsion yondashuvlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Yig'ilish yakunlari bo'yicha tomonlar ShHTga a'zo mamlakatlar oliy audit organlarining 2023-2024-yillar davomidagi hamkorligi doirasida Harakatlar rejasini tasdiqladi.
Ma'lumot uchun, ShHTga a'zo mamlakatlarning oliy audit organlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari 2010-yildan buyon tashkil qilinadi. Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi — davlat sektori auditi sohasida axborot almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash. Hamkorlikning asosiy yo'nalishlari esa davlat auditi bo'yicha bilim va tajriba almashish, qo'shma seminar va o'quv kurslarini tashkil qilish, davlat auditi sohasida yangi professional standartlarni ilgari surishdan iborat.