Masalan, bugungi kunda mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoriga integratsiyalashuv jarayoniga xalaqit berayotgan korrupsiya illatini yoʻqotish uchun jamiyat hayotiga chirmashib ketgan dunyoqarashni oʻzgartirish, aholining davlatga ishonchini tiklash, eskicha anʼana va yondashuvlar oʻrniga yangi huquqiy qadriyat va institutlarni joriy etish muammosini olaylik. Shukrki, yangicha ijtimoiy-siyosiy va madaniy oʻzgarishlar bilan chambarchas bogʻliq yangi Oʻzbekiston ulugʻvor gʻoyasini milliy huquq tizimimizning ichki dinamikasiga singdirish uchun ulkan shijoat va uni amalga oshirishga qatʼiy siyosiy irodani Prezidentimizning davlat rahbari sifatida qabul qilayotgan siyosiy qarorlari va tizimli saʼy-harakatlarida yaqqol his qildik.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barcha soha va yoʻnalishlarda fundamental islohotlar kechdi. Ayniqsa, Taraqqiyot strategiyasi, yangilangan Konstitutsiya asosida inson qadrini yuksaltirish va jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash orqali xalqparvar davlat barpo etishning yangi bosqichida joriy etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bosh maqsadimiz va faoliyatimizning asosiy mezoni — xalqimizni rozi qilish boʻyicha davlat siyosatini toʻliq roʻyobga chiqarish jarayonlariga samarali xizmat qilmoqda.
Shu yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari keng jamoatchilik ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi yigʻilishida ushbu yoʻnalishdagi ishlarni sarhisob qilar ekan, korrupsiya zamonaviy Oʻzbekiston rivoji yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov ekanini yana bir bor taʼkidladi, chuqur tahlillar va monitoring asosida korrupsiyadan xoli muhitni yaratishga oid eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Prezidentimizning ushbu majlisdagi nutqi mohiyat-eʼtiboriga koʻra, 2025-yildan yangi Oʻzbekistondagi shiddatli islohotlarning yangi toʻlqini boshlanganidan darak beradi, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.
Sababi bevosita davlatimiz rahbari ishtirokida jamiyatimizda eng koʻp va qizgʻin muhokama qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ilk marotaba bunday format — keng jamoatchilik ishtirokida ochiq va oshkora koʻrib chiqilishi kuchli siyosiy irodani namoyon qildi. Bu bilan Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashishda yana bir bor tashabbuskor va islohotchi, davlatchilikni mustahkamlash borasida uzoqni koʻzlab ish yurituvchi arbob ekanini koʻrsata oldi.
Aytish kerakki, keyingi yillardagi keng qamrovli islohotlar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrildi.
Bosh qonunimizda belgilangan davlat suvereniteti, insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyat, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi eng ezgu gʻoyalarga tayanib, oʻttiz yetti yarim millionlik ahil xalqimizga erkin va farovon hayotni taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan ulkan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar samarasida Oʻzbekiston chuqur demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylandi.
Islohotlar doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyalanib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi taʼminlandi, jamoat va parlament nazorati mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Jumladan, Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida oʻziga xos unutilmas tarixiy jarayonga aylangan konstitutsiyaviy islohotlarning mevasi sifatida 2023-yil 30-aprelda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz yakdillik bilan qabul qilindi. Millionlab yurtdoshlarimizning faol ishtiroki va siyosiy irodasi aks etgan Bosh qonunimizda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi soʻzsiz tan olinishi, insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi ekani, shuningdek, ilk bor konstitutsiyaviy darajada Vazirlar Mahkamasiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflik, qonuniylik va samaradorlikni taʼminlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlari sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish boʻyicha choralar koʻrish vazifasi yuklatildi.
Bu jihatlar hayotimizda ulkan ahamiyatga ega huquqiy asoslarni yaratdi. Bular, oʻz navbatida, yangilangan Konstitutsiya Oʻzbekiston demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmasligini yuridik jihatdan kafolatlash barobarida “inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosida yaratilgan yangi huquqiy tizimga tayanib, faqat oldinga qarab borishni qonunan mustahkamladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga taalluqli, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitish, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarligiga nomzod taqdim etish, Senat tomonidan respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organi rahbarini saylashga oid normalar belgilandi.
Koʻrinib turibdiki, bugungi kunda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, hayotga ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining taʼsirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha boshlangan ishlar ortga qaytmas tus olgan.
Natijada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash, byurokratiya va korrupsiyaning turli koʻrinishlariga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Buni sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, maʼmuriy islohotlar doirasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Xususan, 2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishda boshlangan islohotlarimizning oʻziga xos huquqiy poydevori boʻldi. Unga koʻra, korrupsiya shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab, moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish ekani va buning uchun javobgarlik muqarrarligi aniq belgilab qoʻyildi.
Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishga masʼul maxsus vakolatli davlat organi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlikning Oʻzbekiston Prezidentiga boʻysunishi va parlament oldidagi hisobdorligi belgilab qoʻyildi.
Boshqacha aytganda, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari korrupsiyaning barvaqt oldini olishga qaratilgan muhim konseptual hujjatlar sifatida xizmat qilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻlishi, ular bilan kundalik faoliyatida yaqin muloqot va hamkorlik oʻrnatishiga qaratilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi va “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar, Prezidentimizning “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori barcha toifadagi mansabdorlarning har bir xatti-harakatiga oddiy xalq koʻzi bilan baho berish imkonini yaratdi.
2024-yilda sohaga oid yana bir muhim normativ-huquqiy hujjat — “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganini ham alohida eʼtirof etish lozim. Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, 2022-yil 8-avgustda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, unda davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomi, majburiyatlari, cheklovlar hamda korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar belgilab berildi. Oradan roppa-rosa bir yil oʻtib, 2023-yil 8-avgustda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, agentlikning normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazishdagi vakolatlari, shuningdek, davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish tartibi hamda normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar belgilandi.
Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida keyingi yillarda korrupsiya illatiga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan qonun va qarorlar, yaratilgan yangi tizim oʻrni, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim va muhitning ahamiyati, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotganini qayd etdi.
Koʻp masalalarni raqamlashtirish kutilgan natijalar berayotganiga alohida eʼtibor qaratib, “Barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn beryapti. Natijada oldin bu ish bilan shugʻullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini koʻpaytirish bilan ishlayapti”, dedi.
Shuningdek, aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkor bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi.
Eng muhimi, Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy jarayon ekanini aytib, bu boradagi dolzarb masalalar va kelgusi vazifalarni aniq koʻrsatib, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yoʻqotadigan preventiv choralar eʼtiborsiz qolayotganiga diqqat qaratdi. Korrupsiyaning oldini olish davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanishidan kelib chiqib, ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun zarurati qayd etilib, uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodni tarbiyalash maqsadida taʼlim maskanlarida halollik gʻoyalarini singdirish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash muhimligini koʻrsatib oʻtdi. Keng jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini taʼkidladi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan aniq maqsadga yoʻnaltirilgan 55 ta tashabbus ilgari surildi. Ular doirasida beshta qonun, oʻn ikkita farmon va qaror ishlab chiqiladigan boʻldi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshirilishi koʻrsatib oʻtildi.
Binobarin, barcha jabhalarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunda nihoyatda dolzarb masala, bu borada nafaqat masʼul idoralar, balki keng jamoatchilik ham hamjihat va hamfikr boʻlmogʻi maqsadga muvofiq. Shundan kelib chiqib, qayerda bunday holatlarga duch kelsak, har birimiz bu noxush hodisaga nisbatan befarq boʻlmasligimiz, loqaydlik qilmasligimiz, aksincha, korrupsiya illatini tag-tomiri bilan quritishga qaratilgan saʼy-harakatlarni vijdonan bajarishga kirishmogʻimiz darkor. Adolatsizlikka nisbatan murosasiz boʻlishni oʻzimizdan boshlashimiz zarur. Zero, bu borada har bir fuqaroning erki va huquqi Konstitutsiya va qonunlarda qatʼiy kafolatlangan. Jumladan, qonunlarimizda jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlari toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida axborot bergan shaxslar himoya qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar korrupsiyaga qarshi samarali kurashish orqali jamiyatimizda qonun ustuvorligi prinsipini mustahkamlash, Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyoti kafolatlari, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni oʻrnatishda mustahkam asoslarni yaratishga xizmat qiladi.
Akmal RAHMONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi