Shijoatli yoshlar kooperatsiyasi

    “Mavsum agrologistika” yoshlar kooperatsiyasi tashkil etilib, 100 nafar tengqurlari uchun ish o'rinlari yaratildi.

    Oltiariq tumanining Bo'rboliq qishlog'i etaklaridagi chorak asrdan buyon suvsizlik, e'tiborsizlik tufayli qurib-qaqshab yotgan dala-dashtlar o'zlashtirildi. Bu yerda qishloq yoshlarining sa'y-harakati bilan yangi issiqxona, bog'u rog'lar yaratilmoqda. Ular o'z mehnat va izlanishlari mahsulidan mamnun.

    Mavsumjon Umarov ana shunday tinib-tinchimas tadbirkorlarlardan. Uning tashabbusi bilan 2019-yilda “Mavsum agrologistika” yoshlar kooperatsiyasi tashkil etilib, 100 nafar tengqurlari uchun ish o'rinlari yaratildi. Yer maydonlari “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, ”Ayollar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bo'lib berildi. Tomonlar kelishuviga ko'ra, kooperatsiya a'zolariga sara urug', ko'chatlar bilan ta'minlash, ekinlar parvarishi bilan bog'liq ishlarda amaliy yordam beradi.

    Bu yerda ishlab chiqarish tarmoqlari uchun zarur bo'lgan ichki yo'llar tartibga keltirildi, elektr tarmoqlari tortildi. Suv ta'minotini yaxshilash maqsadida quduqlar qazildi. Kooperatsiya ekin maydonlarida kimo'zarga mehnat qilayotgan shijoatli yoshlar issiqxonalarda pomidor, bodiring ko'chatlarini parvaishlayapti, ekinlar rivoji avjida.

    E'tiborimizni tomorqa yumushlari bilan andarmon bo'lib turgan bir guruh yigit-qizlar tortdi. “Hormanglar” deya ular tomon yuzlandik. Sabzavot ekinlari etishtirish hadisini olgan yosh dehqonlar mamnuniyat bilan qarshi olishdi.

    — Salomat bo'ling, bir piyola choyimiz bor, — deya luft ko'rsatib tomorqa chetidagi mo''jaz so'ri tamon taklif qildi yumushlarini biroz to'xtatgan uzun bo'yli, o'rta yoshdagi yigit.

    — Yaqinlarimdan olisda besh-olti yil o'zga yurtlarda ishlab birimiz ikki bo'lgani yo'q, — deydi “Zilol” mahalla fuqarolar yig'inida yashayotgan Ahadjon Xolmatov. — Bu erda yoshlar kooperatsiyasi tashkil etilgach 5 sotix yerni o'zlashtirib, issiqxona qurdim. Daromad chakki bo'lmadi. Bu yil uning hajmini uch hissaga kengaytirdik. Ertangi bodiring hosilga kirdi. Sanoqli kunlardan so'ng pamildorini bozorga chiqaramiz. Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko'ra, daromad cho'g'i 100 million so'mdan kam bo'lmaydi.

    Darhaqiqat, suvsiz, tosh-shag'aldan iborat ekin maydonlariga tuman hokimligi, 3-sektor tashabbusi bilan elektr tarmog'i tortib berildi, 7 ta tik quduq qazildi. Bu yerlarni o'zlashtirish, hosildorlikni oshirish amallarida qo'l kelmoqda.

    Ekin maydonlari oldiga “Damas” avtomobili kelib to'xtadi. Yoshlar klasteri rahbari, Mavsumjon Umarov bilan kechgan suhbatimiz yanada maroqli bo'ldi.

    Toshkent shahridagi issiqxonalarda yollanma ishchi sifatida ishlab tajriba to'plagan qishloq bolasi o'z mahallasida yangi yerlarni o'zlashtirish tashabbusini ilgari surganida kimdir ishondi, kimdir esa yo'q. Suvsiz, tosh-shag'al joyda ekin ekib bo'ladimi? Ammo taklif tuman mutasaddilari tomonidan qo'llab-quvvatlandi, sinov tariqasida 15 gektar yer ajratib berildi.

    — Avvallari bir qarich yerda mustaqil dehqonchilik qilish amri mahol edi, — deydi klaster xo'jaligi rahbari. — Bankdan 200 million so'm imtiyozli sarmoya olib, 54 nafar tengqurlarim bilan hamjihatlikda 6 sotixdan issiqxona qurdik. Tosh-shag'aldan tozalangan yerlarga soz tupoq solib, bodiring ko'chatlari ekildi. O'tgan yili o'zimiznikidan tashqari tashqi bozorga ham 60 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qildik.

    Ekin maydonlarini tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yildi. Bu suv ta'minoti bilan bog'liq yetishmovchiliklarning oldini olish, ortiqcha sarf -harajatlarni qisqartirish imkoniyatini bermoqda. Ayni kunda bu hududda 70 gektar maydonda yoshlar tashabbusi bilan ertaki bodiring, pomidor yetishtirilyapti. Bu bejiz emas. Avallo, mahalla yoshlari bu kabi ekinlari etishirishda yaxshi tajriba ega. Ko'chatlar uy sharoitida kichik hajmdagi issiqxonalarda o'stirib olingach, katta maydonlarga o'tqaziladi. erta pishib yetilgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorda haridorgir.

    — “Zilol”, “Gulobod”, “Shalola” mahalla fuqarolar yig'inlarida “YOshlar daftari”ga kiritilgan 1441 nafar yoshning 400 nafari ish bilan ta'minlandi, — deydi tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i, 3-sektor rahbari Murojdon Qunduzov. — Shu maqsadda foydalanishdan chiqib ketgan erlarni o'zlashtirish borasidagi ishlar bir dam to'xtagani yo'q. Bu yerda viloyat hokimining tashbbusi bilan umumiy qiymati 8 milliard so'm bo'lgan loyiha ham amalga oshirilmoqda. Bu tosh-shag'aldan iborat 1,5 ming gektar yerga obihayot olib keltirish, yangi ish o'rinlari yaratish imkonini beradi. Yangi loyiha doirasida issiqxona, intensiv usulda bog'lar yaratiladi. Logistika xizmati, mahsulot saqlash omborlari quriladi. Bu yetishtirilgan mahsulotlar turlarini talab va taklif asosida sotish, eksport hajmini oshirishga ham keng yo'l ochadi. Natijada 1500 nafar yoshlarning bandligi ta'minlanadi.

    Yoshlar kooperatsiyasi a'zosi Jahongir Dehqonov 15 sotix yerda issiqxona faoliyatini yo'lga qo'yib kam bo'lgani yo'q. Mehnatiga yarasha daromad olib, oila tebratmoqda. Holbuki bundan bir yil avval boshqa tenqurlari qatori o'zga yurtda ish izlab sarson-sargardon kezinardi. Endi bunga hojat qolmadi. Kooperatsiya a'zosi sifatida qonunda belgilangan tartibda ijtimoiy himoya, mehnat stajiga ega bo'ldi.

    Ayni kunda hududdagi 8 gektar qarovsiz ekin maydonlarini qayta foydalanishga kiritish borasida ham ish olib borilmoqda. Bu maqsadlarga “Agrobank” respublika boshqaruvi tashabbusi bilan 1 milliard so'm mablag' yo'naltirildi. Bu bir vaqtning o'zida yana 300 nafar yigit-qizlarning bandligini ta'minlash imkoniyatini beradi.

    Ta'kidlanishicha ayni kunda tumanda 5 ta ana shunday istiqbolli yoshlar koopertsiyalari tashil etildi. Ularda mahsulot yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, eksportga yo'naltirish borasda tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Prezidentimizning apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarori oltiariqlik yigit-qizlarni yangi marralarni ko'zlab ishlashga da'vat etyapti. Negaki, unda tashkil etilgan yYosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash jamg'arma zimmasiga boshqa yo'nalishlar bilan bir qatorda, meva-sabzavot va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash sohasidagi loyihalarni ham moliyalashtirish vazifasi yuklatildi. Xususan, tijorat banklariga investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Jamg'armaning mavjud mablag'lari doirasida, milliy valyutadagi kreditlar bo'yicha yillik 10 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar bo'yicha yillik 2 foiz stavkalari bilan taqdim etilishi belgilangan.

    Ko'hna Bo'rboliq qishlog'ining janubida yastanib yotgan dalayu yudashtlarda boshlangan bunyodkorlik ishlari bugungi kunda avj pallaga kirgan. Basma-basiga mehnat qilayotgan yoshlar ko'nglida ko'tarinkilik, farovon kunga bo'lgan ishonch mustahkam. Xalqimizga xos yaratuvchanlik salohiyati bilan yashayotgan qishloq yoshlari qaqroq yerlarga yangi hayot nafasini olib kirmoqda.

    Rasuljon KAMOLOV,

    jurnalist