Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosidan kelib chiqqan holda tuman markaziga yaqin “Shodlik” MFY ning Dingak koʻchasi “Shofirkon Joʻynav qurilish” MCHJ quruvchilari tomonidan oʻtgan yili bir necha oyda sifatli qurib foydalanishga topshirilgan 5 qavatli muhtasham bino fikrimiz dalili.


Zarur infratuzilma — elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminoti, issiqlik, qolaversa, oqava tizimiga ega bu uy ikki va uch xonali jami 30 ta xonadonni oʻz ichiga olgan boʻlib, ayni paytda ogʻir turmush sharoitida yashab kelgan oilalarga ishchi komissiya oʻrganishi va xulosasi asosida berilgani maqsadga muvofiqdir.
— Norasida farzandim bilan oʻz boshpanamiz boʻlishini bir umr orzu qilib kelardim, nihoyat, ana shunday yorugʻ kunga yetkazganiga ming shukur, – deydi ana shunday shinam xonadonlardan birining bekasiga aylangan Nargiza Shamsiddinova. — Koʻzim ojizligini inobatga olib, menga birinchi qavatdan ikki xonali uy berishdi. Bundan tashqari, uy-joy sotib olishda subsidiya ajratilgani, boshlangʻich toʻlovda xonadon narxining faqatgina 10 foizini toʻlab, qolgan mablagʻni 20 yilda boʻlib toʻlash imkoniyati yaratilgani men uchun katta imkoniyat va gʻamxoʻrlik boʻldi.

Darvoqe, ipoteka krediti, qolaversa, davlat subsidiyasi asosida ajratilayotgan bu uy tayyor holda topshirilayotgani, oshxona mebeli, hammomi, sanitariya uzeli shay qilingani uning egalari uchun ham ayni muddao. Mazkur uyning birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlaridagi 2 xonali kvartiralar narxi 171 million soʻmga, toʻrtinchi va beshinchi qavatlaridagi 2 xonali kvartiralari 161 million soʻmga, shu tarzda 3 xonali xonadonlar 221 million soʻmga baholangani ham kam taʼminlangan oilalar uchun berilgan imkoniyat ekanini turar joy egalari mamnuniyat bilan tan olmoqdalar.

29-yanvar kuni viloyat hokimi Botir Zaripov tuman hokimi Shukurulla Hakimov, jamoatchilik hamrohligida aynan Dingak koʻchasidagi zamonaviy turar joyning foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdi.

Oilasi uchun shinam va yorugʻ boshpanaga ega boʻlgan xonadon egalarining xursandliklarini soʻz bilan ifodalash mushkul. Viloyat hokimi Botir Zaripov zamonaviy turar joy sohiblari va imorat qurilishida fidokorlik koʻrsatgan Nosir Akramov boshchiligidagi “Shofirkon Joʻynav qurilish” MCHJ jamoasini erishilgan yutuq bilan samimiy muborakbod etdi. Taʼbir joiz boʻlsa, shu uyga koʻchib kelgan oilalardan biri Hamza Shodmonov xonadoni misolida qiymati 5 milliard 750 million soʻmga baholangan obyekt qurilishi va hudud infratuzilmasiga baho berildi.

— Viloyat hokimi xonadonimizga tashrif buyurganidan, biz bilan dildan suhbat qurib, oʻy-tashvishimiz bilan qiziqqanlaridan boshimiz osmonga yetdi, – deydi mahalliy qurilish-pudrat korxonalaridan birida ishlovchi Hamza Shirinov. — Shu kungacha ota uyimiz Talisafed qishlogʻida oilamiz, ikki farzandimiz bilan toʻrt xoʻjalik bir hovlida yashab, juda siqilishib qolgandik.
Nihoyat, mana shunday baxtga erishdik, bundan ayniqsa, bolalarim onasi Gulhayo Bozorovaning xursandligini aytmaysizmi ?! Bizga berilgan ana shunday imkoniyatni halol mehnatimiz, peshona terimiz bilan albatta, oqlaymiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati