SHolichilik: yangi samarador texnologiyalar

    Viloyatlarda qo'shimcha 11 ming gektar yerga takroriy ekin sifatida sholini ko'chat usulida ekish tatbiq etilsa, guruch yetishtirish hajmi 380 ming tonnaga yetadi.

    Prezidentimiz 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida qishloq xo'jaligida amalga oshiriladigan loyihalar bilan ham tanishgandi. Tumanlarni ixtisoslashtirish, yangi yerlarni o'zlashtirish, yomg'irlatib sug'orish tizimini joriy qilish bo'yicha topshiriqlar bergandi. Shuningdek, sholi ekishda adolatni ta'minlab, aholiga er maydonlari ajratib berish, shu orqali odamlarni ish bilan ta'minlash va kambag'allikdan chiqarish bo'yicha ham vazifalar qo'yildi.

    Shunday bir kezda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda eng zarur mahsulotlarni etishtirishni yo'lga qo'yish g'oyatda muhim. Jumladan, dasturxonimiz ko'rki va yurtimiz brendiga aylangan taomlarni tayyorlashda asosiy o'rin tutgan sholi yetishtirish borasida ham. Prezidentimiz 2018, 2019, 2020 yillarda Xorazm viloyatiga tashriflari chog'ida boshqa sohalar qatori sholichilik tarmog'idagi kamchiliklarni tahlil qilib, ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish, kam suv talab qiladigan texnologiyalarni qo'llash, sholipoyalarda baliq yetishtirish usulini joriy qilish bo'yicha alohida topshiriqlar bergan edi.

    O'zbekistonda aholining guruchga bo'lgan o'rtacha yillik ehtiyoji 333,2 ming tonnani tashkil qiladi. 2020 yilda respublikamizdagi 96 ta tumandagi 128,1 ming (2019 yilda 113 ming) gektar yerga (74,8 ming gektar asosiy, 53,3 gektar takroriy) sholi ekib, 320 ming tonna guruch yetishtirish rejalashtirilgandi.

    Ammo bu ichki ehtiyojni to'liq qondirish uchun yetarli emas. Bu holat, o'z navbatida, yangi texnologiyalardan samarali foydalanishni taqozo etyapti. Xususan, viloyatlarda qo'shimcha 11 ming gektar yerga takroriy ekin sifatida sholini ko'chat usulida ekish tatbiq etilsa, guruch yetishtirish hajmi 380 ming tonnaga 7etadi. Shu bois, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Sirdaryo viloyatlari va Farg'ona vodiysida takroriy ekin sifatida ko'chat usulida sholi ekish bo'yicha topshiriqlar berilgan.

    Suv xo'jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olim va mutaxassislari tomonidan fermer, dehqon, tomorqa erlarida takroriy ekin sifatida ko'chat qilib, sholi yetishtirish texnologiyasi bo'yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlangan. U sug'oriladigan va turli darajada sho'rlangan yerlarda sholini bug'doydan keyin takroriy ekin sifatida ko'chat usulida ekishning afzalliklari, suv va boshqa resurslardan tejamli foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va shu asosda sholi pishish davrini 20–25 kunga tezlashtirish hamda hosildorlikni oshirish to'g'risidagi muayyan ma'lumotlarni o'z ichiga olgan.

    Bu texnologiyani qo'llash natijasida har gektar yerda yillik suv sarfi 40 foiz, urug'lik sholi 60 foiz, kimyoviy gerbitsidlar sarfi 100 foiz, mineral o'g'itlar sarfi 25 foiz, mehnat sarfi 40 foizgacha tejaladi hamda sholining 20–25 kun erta pishishiga imkoniyat yaratilib, gektaridan 3-3,5 tonnadan ortiq sholi hosili olinadi.

    Bostirib sug'orishning salbiy oqibatlari va yangi usulda ekish afzalliklari

    Hozirgi vaqtda sholipoyalar bostirib sug'orilishi, suvning uzoq turib qolishi yer osti suvi oqimi buzilishiga olib keladi. Bostirib sug'orishda mineral o'g'itlarning 15–20 foizi suv bilan oqib chiqib ketadi. Bundan tashqari, turli begona o'tlar ko'payadi va ular sholi hosili bilan aralashib, mahsulot sifatini pasaytiradi, ortiqcha sarf-xarajatlar oshib, iqtisodiy samaradorlik past bo'ladi.

    Respublikamizda sholining ertapishar, o'rtapishar va kechpishar navlarini asosiy va takroriy ekin sifatida ko'chat qilib ekish mumkin. Bunda 40–45 kun davomida katta maydonlarda sholini bostirib sug'orish, o'toq qilish kabi tashvishlar va xarajatlar o'z-o'zidan bartaraf bo'ladi.

    Takroriy ekin sifatida ekishda ko'chatxonalarda sholi urug' sifatida qadalib, navlarning biologik xususiyatlariga qarab 35 kungacha bo'lgan vaqt davomida o'stirilib, suv va o'g'it bilan shu yerda parvarishlanadi.

    Bunday nihollar hosildorligi urug'dan ekilib, bostirib sug'orilgan sholiga nisbatan kamida 25–30 foiz ortiq bo'ladi. Ularning poyasi baquvvat, hosil to'plash darajasi juda yuqori, shamol ta'siriga bardoshli. Urug'dan o'stiriladigan sholining barcha navlari ko'pincha nimjon o'sib, g'ovlab, o'rim-yig'im vaqtida yotib qolishi ko'p kuzatiladi. Natijada yetishtirilgan hosil dalada to'kilib, kombayn bilan o'rish imkoniyati kamayib, hosildorlik pasayib ketadi.

    Sholini ko'chat qilib ekishda begona o'tlarning sholipoyalarda o'sishi o'z-o'zidan kamayadi. Sababi, ko'chatni dalaga ekish paytida begona o'tlar olib tashlanadi. Shu bois, gerbitsidlar ishlatilmaydi. O'sish davrida eng ko'p qo'l mehnati talab qiladigan o'toqqa zarurat qolmaydi. Takroriy ekin sifatida ko'chat qilib optimal darajada hosil yetishtirish uchun sholi to'la pishib yetilishida talab qilinadigan ochiq, issiq kunlar soni va zarur foydali harorat yurtimiz sharoitida etarlidir.

    Yana bir muhim jihat. Yangi texnologiya qo'llanganda, gektaridan 150–170 kilogramm urug'lik sholi iqtisod qilinadi. Ko'chat qilib ekish usulida sholiga sarflanadigan umumiy suv miqdori 30–40 foiz tejaladi. Hosildorlik 20–25 foiz ortiq bo'ladi. Yerlar chuqur haydalmaydi. Traktor va kimyoviy girbitsidlar beriladigan mexanizmlardan foydalanish 30–40 foiz kamayib, yoqilg'i-moylash materiallari, suv nasoslariga ketadigan elektr energiyasi ham shuncha miqdorda tejaladi.

    Sholini ko'chat usulida ekish va parvarishlash

    Yurtimizda barcha sholi navlarini ko'chat usulida o'stirish mumkin. Ularning ertapishar, ya'ni 80–110 kunda pishadigan navlarini ko'chatxonada ungandan keyin 20–25 kunligida dalaga olib chiqsa bo'ladi. Kechpishar navlari esa 30–35 kunlik parvarishni talab qiladi.

    Sholi ko'chatxonalari hajmi aksar holda 100 kvadrat metrni tashkil etadi. 15–20 santimetr chuqurlikda haydalgan maydonga mahalliy o'g'it solinadi, suvni bir me'yorda ushlab turish uchun tekislanadi.

    Tomiriga ziyon yetkazmaslik uchun ko'chatlar ekishdan oldin ustki qismidan 60 santimetr uzunlikda qirqib olinib, maxsus mexanizmlarga joylanadi va me'yoriga qarab ekiladi. 2-3 kundan keyin suvni 8-10 santimetr ko'tarish, 5-6 kundan so'ng yillik azotli o'g'it miqdorining uchdan birini solish zarur. Keyingi agrotexnologiyalar sholi yetishtirish bo'yicha qo'llanilayotgan amaldagi tavsiyanomalar asosida bajariladi. Ularga amal qilgan dehqonlar yiliga ikki marta hosil olishi mumkin.

    Sholini uskunalar yordamida ko'chat qilib ekishda Janubiy Koreyadan keltirilgan RA600D-R va RF-455 kabi sholi ekish mashinalaridan foydalanish samarali bo'ladi.

    Sholini takroriy ekin sifatida ko'chat qilib qo'lda ekishda yer 18-20 santimetr chuqurlikda haydaladi va 10–12 santimetr suv bostirilib, mola yordamida tekislanadi. So'ng suv sathi 5–7 santimetrgacha kamaytiriladi va tayyorlangan ko'chatlar har bir uyaga 2–4 tadan qadaladi. Bizning tuproq va iqlim sharoitimizda 15x10 santimetr uslubida ekilgan nihollar yuqori hosil berishi ilmiy jihatdan asoslangan.

    Ushbu texnologiya bo'yicha tomorqa va hovli joylarda foydalanilmay turgan er maydonlaridan ham navlariga qarab sholini ko'chat qilib ekib, 300–500 kilogrammgacha va undan ortiq miqdorda sholi doni olish mumkin. Undan o'rtacha 250 kilogramm guruch olinadi. Bu esa 2-3 ta oilaning yillik talabini qondirishga yetadi.

    V`etnam texnologiyasi

    Vetnamning nam va issiq iqlimi sholi etishtirishga eng qulaydir va har yili 2-3 marta hosil olinadi. Mamlakat sholi etishtirish bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi. Guruchlarining biokimyoviy tasnifiga ko'ra, kraxmal moddasi kam bo'lgani bois, eng xaridorgir hisoblanadi.

    Sholipoyada sholi bilan birgalikda baliq yetishtirish hozirgi vaqtda dunyo bo'yicha qishloq xo'jaligini rivojlantirishda eng dolzarb va samarali masalalardan biridir. Bu jarayonda hosildorlik gektariga 5-10 tsentnerga oshadi va 200 kilogrammdan ortiq baliq etishtirish mumkin. Buni mamlakatimiz iqlim sharoitida o'tkazilgan ilmiy tadqiqotlar va amaliy tajribalar ham ko'rsatib turibdi.

    Baliq boqilgan sholipoyalarda zararli hasharotlar yo'qoladi hamda ularning suzib yurishi nihollarning maqbul darajada unishini ta'minlaydi. Ularga beriladigan em tayyor organik o'g'it hisoblanib, tuproq unumdorligi hamda sholi hosildorligini oshirishda muhim agrotexnik omildir.

    Albatta, inobatga olish lozimki, sholipoyada baliq boqishning o'ziga xos tartib-qoidalari bo'lib, ularga amal qilinmasa, baliqlar boshidanoq nobud bo'lib, sarflangan xarajatlarga kuyib qolish mumkin. Bunda ilmiy asoslangan qo'llanma va tavsiyanomalarni ishlab chiqib, keng joriy qilish, sholi ekadigan fermer, dehqon va tomorqa yer egalariga o'qitish yaxshi samara beradi. Bu borada Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan qo'llanmalar ­tayyorlanmoqda.

    G'iyosjon RAHIMOV,

    Ilg'or ilm-fan, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish korxonasi rahbari, qishloq xo'jaligi fanlari doktori, professor, Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, “Mehnat shuhrati “ ordeni sohibi