Tashrif davomida mahallalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholi muammolarini manzilli oʻrganish va ularga joyida yechim topishga alohida eʼtibor qaratildi.

Dastlab vazir oʻrinbosari S.Turdiyev Shoʻrchi tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻinida sayyor qabul oʻtkazdi. Qabul davomida fuqarolardan uy-joy, moddiy yordam tayinlash, ishga joylashtirish, yoʻllarni taʼmirlash, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash kabi bir qancha murojaatlar kelib tushdi.

Eʼtiborlisi, aksariyat muammolarga joyida yechim topildi, ijrosi muayyan vaqt va mablagʻ talab etadigan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Shundan soʻng mahalla faollari, nuroniylar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Suhbat davomida jinoyatchilikka moyilligi boʻlgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solish, ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar holidan xabar olish va bu jarayonda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari hamda “Keksalar maslahati” guruhi aʼzolari faolligini yana-da oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, vazir oʻrinbosari Muzrabot va Angor tumanlaridagi “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻlib, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi. Tashrif doirasida nuroniylar bilan uchrashib, aholining turmush tarzini yana-da yaxshilash, farovonligini oshirish, mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash borasida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

Qolaversa, viloyat markazidan salkam 160 kilometr olisda joylashgan Boysun tumanidagi «Tuzbozor» mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlgan aholi bilan uchrashuvda bir qator murojaatlarga ijobiy yechim topildi.

Xususan, mahallaning 1,2 kilometr masofadagi ichki yoʻllariga shagʻal yotqizilib, tekislandi. Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 2 transformator mukammal taʼmirlanib, 1,5 kilometr uzunlikdagi elektr simlari yangilandi. Ayni kunda mahalla hududidagi 230 ta eski va yaroqsiz simyogʻochlar yangi beton ustunlariga almashtirilmoqda.

Bundan tashqari, vazir oʻrinbosari S.Turdiyev mahalladagi “Temir daftar”ga kiritilgan Anorgul Yoʻldosheva, Botir Yangarov hamda “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchi Zebo Jalilovaning xonadonlarida boʻlib, ularni qiynayotgan muammolarni tingladi va aniqlangan masalalarni hal etish boʻyicha tuman hokimi va sektor rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi. Shu bilan birga 3 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oila xonadonlari, yordamchi xoʻjalik xonalari tartibga keltirildi.

Tashrif doirasida Sherobod tumanidagi «Ayinli» mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari oʻrganilib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar davomida aniqlangan muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari koʻrildi.