Xususan, soʻnggi ikki yilda sohaga byudjetdan 3,7 trillion soʻm mablagʻ ajratilib, 48 ta loyihaga 1,9 milliard dollar xorijiy kreditlar jalb qilingani, ammo loyihani tanlashda joylardagi holat, aholining talabi va mavjud suv manbalari koʻp hollarda toʻliq oʻrganilmayotgani taʼkidlandi. Uch yil ichida 3,6 million aholiga suv yetkazish rejalashtirilib, mablagʻ masalasi hal qilib berilgan boʻlsada, barcha muammolar oxirigacha oʻz yechimini topmagani tanqid qilindi.

Haqiqatan, oʻtgan vaqt davomida amalda bor-yoʻgʻi 30 foiz xonadonga suv kirib borgan. Mazkur kamchiliklar hisobiga kreditlarni qaytarish yuki davlat byudjetiga tushmoqda. Misol uchun, xorijiy kreditlar boʻyicha suv taʼminoti korxonalari uchun oxirgi ikki yilning oʻzida byudjetdan 117 milliard soʻm yoki 12 million AQSH dollari toʻlab berildi.

Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish sxemasi ham eskirgan. U 2010-yilgacha muddatga ishlab chiqilgan va shu vaqtga qadar yangilanmagan. Shuningdek, texnik jihozlar masalasida ham kamchiliklar yoʻq emas. Hozirgi kunda joylardagi suv inshootlariga jami 17,5 ming dona suv hisoblagich oʻrnatilishi talab etilsada, amalda atigi 7 foiz suv oʻlchagichlar mavjud. Ana shu muammolardan kelib chiqib, yigʻilishda bir qator vazifalarni amalga oshirish belgilab berildi.

Birinchidan, yil yakuniga qadar jami 2,5 million aholi tarmoqqa ulanib, billing bazaga kiritiladi. Natijada yiliga yana 140 milliard soʻm qoʻshimcha daromad olinadi. Kelgusi yildan boshlab barcha loyihalarda ichimlik suvni xonadonlargacha yetkazib berish nazarda tutiladi.

Ikkinchidan, loyihalarni tanlash, amalga oshirish va natijadorlikni taʼminlashni monitoring va nazorat qilish boʻyicha yangi tizim yaratiladi. Endi bu masalaga soha vakillari bilan birga viloyat, tuman, shahar hokimlari ham birdek masʼul hisoblanadi. Ular hududiy suv taʼminoti korxonalarining kuzatuv kengashlariga rahbarlik qiladi. Tizim loyihasi har bir hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib, hokimlar va aholi bilan bamaslahat ishlab chiqiladi. Yangi loyiha takliflari viloyat kengashida taqdimot qilinib, xalq vakillari tomonidan maʼqullanganidan keyingina amalga oshiriladi.

Uchinchidan, sohada loyihalashtirish ishlari toʻliq qayta koʻrib chiqiladi. Respublikada suv va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish sxemasini hududlar bosh rejalari va ichimlik suv manbasiga uzviy bogʻlangan holda xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqish belgilandi.

Toʻrtinchidan, joylarda energiya tejamkor kichik loyihalarni amalga oshirish ishlarini yana-da kengaytirish topshirigʻi berildi. Misol uchun, Andijon viloyati Ulugʻnor tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tajriba loyihasiga koʻra, ichimlik suv qudugʻiga 5 kilovattli quyosh elektr stansiyasi oʻrnatish orqali 2 ming nafar aholi uzluksiz ichimlik suv bilan taʼminlanadi. Bizning hisob-kitobimiz boʻyicha ushbu loyiha 3 yilda oʻzini toʻliq qoplaydi. Shunga oʻxshash loyihalarni yil oxirigacha respublika boʻyicha yana 200 taga yetkazish koʻzda tutilgan.

Beshinchidan, joriy yil yakuniga qadar yirik suv inshootlariga 17,5 mingta suv hisoblagich oʻrnatish jadvali ishlab chiqilib, tasdiqlanishi belgilandi. Ushbu hisoblagichlarning barchasi yagona axborot tizimiga ulanadi va toʻliq monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, yigʻilishda yana bir muhim yoʻnalish — suv sifatini nazorat qilish borasida ham aniq vazifalar belgilandi. Unga koʻra, yil yakuniga qadar respublika boʻyicha 87 ta suv laboratoriyasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Sohib SAIFNAZAROV,

uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining birinchi oʻrinbosari