Shu yilning 22-sentyabridan saylovoldi tashviqotiga start berildi

    Saylov 20 Sentabr 2024 330

    Deputatlikka nomzodlar roʻyxatga olindi.

    Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 20-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga koʻrsatilgan jami 375 nafar nomzod roʻyxatga olindi.

    Shuningdek, yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan jami 500 nafar partiya roʻyxatidagi nomzodni roʻyxatga olish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Taʼkidlanishicha, Milliy saylov tajribada ilk marotaba beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik oʻrinlariga 100 foiz nomzod koʻrsatildi.

    Majlisda qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichdir.

    Avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning oʻrtacha yoshi 47,2 yosh. Ulardan 44,2 foizi 45 yoshgacha boʻlganlar, 44,3 foizi – 45-60 yoshdagilardir. Nomzodlar orasida eng yoshi 25 yosh. Nomzodlarning 99,3 foizi oliy maʼlumotli.

    Nomzodlar orasida iqtisodchilar – 20,2 foiz, pedagoglar – 27,9 foiz, muhandislar – 7,9 foiz, shifokorlar – 9,1 foiz, huquqshunoslar – 16,5 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 18,4 foizni tashkil etadi.

    Yigʻilishda qayd etilganidek, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ham roʻyxatdan oʻtkazilgan.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlariga har bir partiyadan nomzodlar roʻyxatga olingan boʻlib, deputatlik mandati uchun 28 475 nafar nomzodlar kurash olib boradi.

    Nomzodlarning 42,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlari deputatligiga nomzodlarning oʻrtacha yoshi 44,4 yoshni tashkil etib, ulardan 54,9 foizi 45 yoshgacha boʻlganlar, 36,4 foizi – 45-60 yoshdagilar boʻlib, viloyat Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 24 yosh. Tuman Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 21 yosh.

    Nomzodlarning 90,3 foizi oliy maʼlumotli.

    Nomzodlar orasida pedagoglar – 36 foiz, iqtisodchilar – 15,8 foiz, muhandislar – 9,6 foiz, shifokorlar – 9,4 foiz, huquqshunoslar – 3,3 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 25,9 foizni tashkil etadi.

    Mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham nomzodlar orasida bor. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirgʻiz, 67 nafari rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.

    Nomzodlarni koʻrsatishda siyosiy partiyalar inklyuzivlikka ham alohida eʼtibor qaratganini kuzatish mumkin. Jumladan, Qonunchilik palatasi saylovi boʻyicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 11 nafar va mahalliy Kengashlar saylovi boʻyicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 605 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar mavjud. Bunday yuqori darajadagi inklyuzivlik birinchi marotaba kuzatilmoqda.

    “Ye-saylov” interaktiv portali orqali barcha darajadagi saylovlar boʻyicha roʻyxatga olingan 29 350 nafar deputatlikka nomzodlarning mobil telefonlariga ular tegishli vakillik organi saylovi boʻyicha deputatlikka nomzod etib roʻyxatga olinganliklari, “Ye-saylov” tizimi yordamida ishonchli vakillarini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkinligi va saylovoldi tashviqoti boshlanishi va muddatlari toʻgʻrisida xabarnomalar yuboriladi.

    Bundan tashqari, majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

    Qaror bilan Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

    Shuningdek, saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbati ketma-ketligida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari belgilandi. Unga koʻra:

    birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi;

    ikkinchi – Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

    uchinchi – Oʻzbekiston Ekologik partiyasi;

    toʻrtinchi – Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi;

    beshinchi – Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

    Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan davlat markaziy va hududiy teleradiokanallari hamda gazetalarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida bepul efir vaqti hamda nashr maydoni hajmi ajratildi.

    Xususan, respublika darajasidagi “Oʻzbekiston 24”, “Oʻzbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Madaniyat va maʼrifat” telekanallarida va “Oʻzbekiston 24”, “Oʻzbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” radiokanallarida siyosiy partiyalarga tashviqot ishlarini olib borish uchun bepul efir vaqtlari ajratildi.

    Shu bilan birga, majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish boʻyicha nizomga muvofiq, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish masalalari tartibga solinganligi alohida taʼkidlandi.

    Tadbirda qayd etilganidek, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar:

    – sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan tashviqot materiallarida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlanganligi haqida maʼlumotlar koʻrsatishi;

    – har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga boʻlgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmasligi;

    – biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek boshqa shaxsga doir maʼlumotlaridan foydalanilganda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilishi lozim.