“Shum bola” yangi formatda chop etildi

    Madaniyat 27 Noyabr 2023 647

    Oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi, Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom tavalludining 120-yilligi munosabati bilan adibning uy-muzeyida Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan yangi formatda nashr etilgan “Shum bola” qissasining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    – Ushbu asar xalqimizning yurak-yuragidan joy olgani bejizga emas, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid. – Yozuvchi oʻzi yashagan davrning qiyofasini, mahallalardagi hayot tarzini, ishsizlik, qashshoqlar va boylar hayotini turfa hangomalar bilan tasvirlab bergan. Bundan tashqari qissada XX asrdagi xalqimizning turmush tarzi va qora urushning insonlar hayotiga taʼsiri ochib berilgan. Uni oʻqish davomida Siz ham yozuvchi bilan birga Toshkent mahallalari boʻylab safarga chiqasiz.

    Taqdimotda soʻzga chiqqanlar asar qahramonining sayohatida har bir kitobxon oʻzini beixtiyor unga hamroh sifatida koʻrishi mumkinligini aytib oʻtishdi. Asarning yutugʻi va tabiiyligi ham aynan shunda. Shu sababli ham kitob asrdan-asrga oʻz oʻquvchilari bilan birga oʻtib kelmoqda.

    – “Shum bola” qissasi BBCning “Barcha davrlarning 100 ta eng buyuk bolalar kitoblari” roʻyxatiga kiritilganligi ham asarning qanchalik mahorat bilan yozilganligidan darak beradi, – deydi Gʻafur Gʻulomning qizi Olmos Ahmedova. – Ushbu asarni Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi yangi formatda nashr qilgani meni juda quvontirdi. Qarang, bir qissaning oʻzi turli rangdagi muqovalarda – qizil, sariq, yashil rangdagi muqovalarda chop etilgan. Bu rang-baranglik kitobxon bolalarda boshqacha qiziqish uygʻotsa, ajab emas.

    Adabiyotshunos Adhambek Alimqulovning taʼkidlashicha, Gʻafur Gʻulom oʻsmirlik yillarida qilmagan ishi qolmagan. Oxiri bosmaxonaga harf teruvchi-naborshik boʻlib ishga kiradi. Muzeyda shoir ishlagan bosmaxonaning fotosurati osilgan. Oʻshanda ustozi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan 8 oylik oʻqituvchilar tayyorlash kursida oʻqiydi. Bitirgach, 1919-yil 3-martda Bodak mahallasidagi “Choʻlpon” nomli maktabga oʻqituvchi etib tayinlanadi. 1924-yili “Hayot” maktabiga, keyinchalik, “Umid” musiqa bilim yurtida ishlaydi. 1926-yili 3-boqimsiz bolalar uyiga mudir etib tayinlanadi. Ayni paytda 7 yillik “Urfon” maktabida ham mudirlik vazifasini bajaradi. Muzeyda Gʻafur Gʻulomning oʻqituvchilik faoliyati haqidagi surat va hujjatlar bor.

    – Gʻafur Gʻulom ijodini “Shum bola” asarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi, – deydi Gʻafur Gʻulom nimidagi nashriyot matbaa ijod uyi bosh muharriri Habib Abdinazar. – Qissa XX asrning 30-yillarda arab imlosida yozila boshlangan. Dastlab “Dovdirash” nomi bilan 1936-yili nashr etilgan. Keyinchalik yozuvchi uni “Shum bola” deb atagan. Gʻafur Gʻulom bu qissani to 60-yillargacha qayta ishlagan va asar hozirgi biz oʻqiydigan holga keltirilgan. Muzeydagi vitrinada siz ushbu qissasining turli yillarda va turli tillarda chop etilgan nusxalarini koʻrasiz. U rus, tojik, qozoq, arab, urdu, latish, venger, rumin, grek va boshqa horijiy tillarga tarjima qilingan.

    Adiblar, jurnalistlar uy-muzeyini tomosha qilar ekan, akademik adibimizning hayoti va ijodi bilan bogʻliq koʻplab maʼlumotlardan boxabar boʻldi. Shoirning qizi, muzey direktori Olmos Ahmedova har bir surat va eksponat zamiridagi qiziqarli hayotiy hikoyalarni soʻzlab berdi. Suhbatda Gʻafur Gʻulomning 11 nafar farzandi boʻlgani, shoirning bolajonligi bilan bogʻliq voqealar ham yodga olindi.

    Taqdimot soʻnggida “Shum bola”ning yangi formatdagi nashri ishtirokchilarga taqdim etildi.

    Zavqiddin Nasimov,

    Gʻafur-Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi matbuot kotibi