“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda men ham qatnashdim. Tadbirda davlatimiz rahbari nutq soʻzlagani yoshlarga oʻzgacha ruhiyat bagʻishlagani, yigit-qizlarda oʻziga nisbatan ishonchni yanada mustahkamlaganiga bevosita guvoh boʻldim.
Prezidentimiz mamlakatimizda yoshlar bilan bogʻliq qilingan va qilinayotgan ishlar, kelgusi rejalar xususida dalil va aniq raqamlar asosida gapirdi. Chunki ular davlat va jamiyatning kelajagi, boshlangan ulkan ishlar va islohotlarning ishtirokchisi va davomchisidir. Boshlangan barcha ishlar samarasi bevosita ularga, yigit-qizlarning bilimi, salohiyati va intilishiga bogʻliq.
Prezidentimiz yoshlar bilan bogʻliq masala va muammolarning asosiy yoʻnalishlariga toʻxtalib, ularning yechimi, moliyaviy manbalarigacha koʻrsatib, belgilab berdi. Bu nimadan dalolat? Bu, avvalo, bildirilayotgan tashabbus va gʻoyalar qogʻozda qolib ketadigan gap emas, balki roʻyobga chiqishi shubhasiz, moliyaviy manbalari aniq-tiniq boʻlgan maqsad va vazifalar ekanini koʻrsatadi.
Birgina oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga koʻmaklashish yoʻnalishida bajarilayotgan ishlarning oʻziyoq kishida hayrat uygʻotadi. Masalan, ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishidagi toʻgaraklarga qatnashi uchun yoshlarga 6 oy davomida 300 ming soʻmdan toʻlanishi belgilanmoqda. Toʻgarak aʼzolariga agar ushbu yoʻnalishlar boʻyicha mahalliy olimpiadalarda qatnashsa, 1 million 200 ming soʻmdan, nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etsa, 12 million soʻmdan mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda. Buni ayni paytda nihoyatda muhim va oʻz vaqtida belgilangan chora-tadbir deb atash mumkin.
Chunki yoshlar orasida qobiliyatli va isteʼdodlilari juda koʻp. Ular xalqaro tanlovlarda dunyo yoshlari bilan bemalol bellasha oladi. Lekin hammasining ham boshqa hudud yoki mamlakatga borib kelishga, olimpiadalarda ishtirok etishga imkoniyati yoki homiysi yoʻq. Belgilab berilayotgan bu chora-tadbirlar ana shu masalaga oqilona va odilona yechim boʻla oladi.
Yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish, bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Endi texnikumlarga qabul bir yilda ikki marta tashkil etiladi. Bu boradagi davlat grantlari ikki barobar oshiriladi. Taʼlim krediti uchun moliyaviy resurslar ajratiladi. Yoshlar bilan ishlash boʻyicha joriy qilingan yangi tizim asosida 8 milliondan ziyod yigit-qizni qamrab olgan “Yoshlar balansi” shakllantirilayotgani katta ahamiyatga ega.
Eng muhimi, mamlakatimizda oʻgʻilqizlarning qiziqishi, kasb-hunarga moyilligi, maʼlumoti, ijtimoiy ahvoli va muammolaridan toʻlaqonli xabardor boʻlishga qaratilgan tizim yaratildi. Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilda 404 ming yigit-qiz oʻrta taʼlimni, 151 ming nafari esa professional taʼlim muassasasini bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Tantanali marosimda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bu borada mahallalardagi 6 milliondan ziyod oʻgʻil-qizning, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning isteʼdodini roʻyobga chiqarish boʻyicha Besh tashabbus olimpiadasi yoʻlga qoʻyilgan edi. Davlatimiz rahbari endi ana shu olimpiadani har yili ikki marotaba oʻtkazish taklifini bildirdi. Bu tashabbusni yigitqizlar qizgʻin kutib oldi.
Oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini foydali mashgʻulot bilan band qilishga qaratilgan tashabbuslar “Barkamol avlod” bolalar maktablari oʻquvchilarini qoʻllab-quvvatlash, isteʼdodi va qobiliyatini roʻyobga chiqarish hamda ragʻbatlantirishda ham muhim oʻrin tutadi. Bizning galdagi vazifamiz toʻgaraklar soni va sifatini oshirish, maktablarimizdagi oʻquvchilar qamrovini yanada koʻpaytirish, yosh isteʼdodlilarga munosib shart-sharoit yaratib berishdan iborat.
Mazkur ishlarga mahalliy hokimlar ham masʼul etib belgilangan. Bu borada ayni paytda sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Yaqinda Sirdaryo viloyatida qulay va zamonaviy shart-sharoitlarga ega, muhtasham “Barkamol avlod” bolalar maktabi foydalanishga topshirildi. Endi mamlakatimizning barcha hududida ana shunday muassasalar bunyod etiladi. Bugun toʻgaraklarimizga 260 ming 234 nafar yosh qamrab olingan. Albatta, bu soʻnggi marra emas.
Qilinayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Yaqinda “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi iqtidorli oʻquvchilar bazasi shakllantirildi. Ularning soni hozirgacha 1 ming 45 nafarga yetdi. Shundan 143 nafari xalqaro olimpiada va tanlovlarda, 902 nafari respublika miqyosidagi musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
Jumladan, Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan shu yilning dastlabki yarmida oʻndan ziyod koʻrik-tanlov va musobaqa tashkil etildi. “Barkamol avlod” maktablari zimmasidagi vazifalar koʻlami bugungi kunda yanada oshgani sir emas. Maqsadimiz bolalarning boʻsh vaqtini foydali ishlarga yoʻnaltirish, iqtidorli oʻgʻil-qizlarga koʻmaklashish, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish, ijod qilishi uchun qulay shart-sharoit va imkoniyat yaratishdan iborat.