Oʻtgan yil sarhisobi hamda istiqboldagi ustuvor vazifalarga bagʻishlanadigan Murojaatnoma xalqimizning barcha qatlami tomonidan katta qiziqish bilan kutib olmoqda.

Ushbu Murojaatnomalarda mamlakatimizni yaqin kelajakda rivojlantirishga qaratilgan strategik dasturlar, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar oʻz aksini topmoqda. Ayniqsa, qonun ustuvorligini taʼminlash, boshqaruvni demokratlashtirish hamda barcha sohalarni yuksaltirishga yoʻnaltirilgan taklif va tashabbuslar davlatimiz va jamiyatimiz hayotida oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining parlament vakillari hamda xalqimizga qilgan bu yilgi Murojaatnomasi mamlakatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid koʻp masalalarni, oʻz yechimini kutib turgan muammolarni qamrab oldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yurtboshimiz tomonidan kirib kelayotgan yangi 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilishi ham oxirgi yetti yillik davr ichida mamlakatimizda inson qadrini oshirish, manfaatlarni yuksaltirish hamda fuqarolarimizning maʼnaviy-axloqiy, siyosiy-huquqiy va zamonaviy tafakkurlarini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi boʻlib xizmat qiladi.

Qayd etish lozimki, taʼlim tizimini isloh etish, taʼlim sifatini oshirish bilan birga, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jamiyatimizda oʻqituvchi va murabbiylarning tutgan mavqeyini oshirish hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi bosqich olib chiqildi.

Bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish 9 foizdan 38 foizga yetdi, oliy taʼlim muassasalari soni 2,5 barobarga oshib, 198 taga yetdi hamda qabul jarayonlarida turli adolatsizliklarga barham berildi. Oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash jarayonlari, oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish tizimi takomillashtirildi hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan professor-oʻqituvchi va talabalar almashinuvi, loyihaviy hamkorlik ishlari kengaytirildi.

Yurtboshimiz tomonidan taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlashga yana alohida eʼtibor qaratilishi, oʻqituvchilar maqomini, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni bosh Qomusimiz – Konstitutsiyada alohida belgilash tashabbusini ilgari surilishi mamlakatimizda taʼlim-tarbiyaga qaratayotgan eʼtiborning yana bir isboti boʻldi.

Yevropa kasbiy taʼlim standartlari asosida viloyatlarda texnikumlar tashkil etilishi amalda faoliyat yuritayotgan texnikumlarga namuna boʻlish bilan birga, oʻrta maxsus taʼlim tizimida erkin raqobat muhitini mustahkamlaydi hamda taʼlim sifatini zamon talabalarida tashkil etishga xizmat qiladi. Tan olishimiz kerakki, bugungi kunda sanoat-qurilish, ishlab chiqarish, logistika va energetika tizimida hamda ushbu sohalar uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonlarida ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Davlatimiz rahbarining kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Muhandislik maktablarini tashkil etilishi ushbu muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Murojaatnoma mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotida ijobiy ishlarni amalga oshirishga, inson manfaatlarini ulugʻlashga, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan murojaat boʻldi. Yangi yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nomlanishi esa, biz taʼlim sohasi vakillari uchun yuksak sharaf boʻlish bilan birga, sohadagi barcha rahbar va xodimlarga, professor-oʻqituvchi va murabbiylarga katta masʼuliyat va vazifa yuklaydi.

Davlatimiz rahbari bildirgan ishonchni oqlab, oʻz vazifamizga yanada masʼuliyat bilan yondashib, tizimdagi muammolarni bartaraf etishimiz, taʼlim-tarbiya jarayonlarini sifatli tashkil etishda bor kuch-gʻayratimiz va imkoniyatimizni safarbar etishimiz kelajak avlod oldidagi yuksak vazifamizdir.

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,

fizika-matematika fanlari doktori, professor,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati