Unda maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, sifatli taʼlim inson kapitalini rivojlantirishning muhim omilidir. Shu bois, oʻz kelajagani oʻylagan har bir davlat, har bir millat yosh avlodga jahon andozalari darajasida taʼlim berish, navqiron avlodni maʼnan yetuk, jismonan barkamol etib voyaga yetkazishga ustuvor ahamiyat beradi.
Uchinchi renessans poydevorini yaratish yoʻlidan dadil odimlayotgan Yangi Oʻzbekistonda bu boradagi islohotlar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi va oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, ilm-fanni rivojlantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrov keskin koʻpaydi. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi oshdi.
Soʻnggi yillardagi asosiy islohot oʻqituvchi kasbi nufuzini oshirishga qaratilmoqda. Oʻqituvchilar majburiy mehnatdan ozod etilib taʼlimga qaytarilishi barobarida ish haqi 1,5 baravarga oshirildi, oʻqituvchilar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni 7 tadan 1 taga kamaytirildi. Toifa olish jarayonlari, bu bilan oylik ish haqini oshirish imkoniyati ham kengaytirildi va jarayonlar ancha soddalashtirildi.
Soʻnggi besh yil davomida maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash yoʻlida 134 ta maktab qurildi, 2 965 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Taʼlim mazmunini yangilash maqsadida yirik xalqaro loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, “Klass” loyihasida 10 ming nafar rus tili oʻqituvchisi malakasi oshirildi. “English Speaking Nation” loyihasi doirasida 400 nafar ingliz tili oʻqituvchisining malakasi oshirildi.
Tadbirda Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova Prezident maktablari hamda shu yil faoliyat boshlagan Yangi Oʻzbekiston universiteti haqida maʼlumot berdi. Qayd etilishicha, joriy yilda Prezident maktablari bitiruvchilarining 100 foizi, ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining 64 foizi, ijod maktablari bitiruvchilarining 29 foizi muddatidan oldin xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ularning respublikadagi filiallarining talabasi boʻldi. Shuningdek, Prezident maktablari bitiruvchilari dunyoning eng nufuzli TOP-300 taligiga kiruvchi universitetlardan 16 587 000 AQSH dollari miqdorida grantlarni qoʻlga kiritdi. Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning ingliz tilini bilish darajasi oʻrtacha V2 darajaga koʻtarildi. 197 nafar oʻquvchi IELTS sertifikatiga, 39 nafar oʻquvchi SAT sertifikatiga ega.
Bugungi kunda Agentlik tasarrufidagi maktablar oʻquvchilaridan iborat boʻlgan olimpiada zaxiralari bazasi shakllantirilgan boʻlib, ushbu oʻquvchilar maxalliy va xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 138 nafar oʻquvchi xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib, 53 nafar oʻquvchi 1-oʻrin, 42 nafar oʻquvchi 2-oʻrin, 43 nafar oʻquvchi 3-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2 nafar oʻquvchi sovrindorlar safidan joy oldi.
Shu yil Yangi Oʻzbekiston universiteti ilk talabalarini qabul qildi. Universitet Massachusets Texnologiya Instituti, Myunxen Texnika Universiteti, Kembrij universiteti bilan hamkorlik qiladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev Akademiya faoliyatida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan asosiy islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Bu yoʻnalishda 2019-yilda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi, 2020-yilda “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi. 2020-yilda “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlandi. Soʻnggi yillarda Fanlar akademiyasi qayta tiklanib, tizimdagi ilmiy tashkilotlar soni 20 tadan 36 taga yetkazildi. FA 2020-yildan boshlab toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirish tizimiga oʻtdi. Akademiya olimlarining ish haqi 3 barobardan koʻproqqa, akademiklarning gonorari esa 4 hissaga oshirildi. Bir yilda himoya qilinadigan doktorlik dissertatsiyalarining oʻrtacha soni deyarli 2 barobar, falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun himoyalar soni 4.3 barobargacha koʻpaydi. 120 nafar mustaqil tadqiqotchi oʻz dissertatsiyalari ustida ish olib bormoqda. Fanlar akademiyasining tashabbusi bilan stajyor-tadqiqotchi instituti tashkil etildi. Hozir 100 ta stajyor-tadqiqotchi oʻqimoqda.
100 ga yaqin ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirilmoqda. Masalan, mahalliy xomashyo – barxan qumi va ohakdan ilmiy xajmdor ishlanma asosida silikat gʻishti ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi va uni tijoratlashtirish boʻyicha ishlar Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi tomonidan yakunlandi. Nukusda yiliga 20 mln.tagacha gʻisht ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilmasiga ega boʻlgan “Silikat-Barxon” zamonaviy zavodi qurildi. 2022-yilda gʻisht ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida umumiy quvvati 40 mln.gacha gʻisht boʻlgan yangi zavod rejalashtirilgan.
Taʼlim, ilm-fan tizimida erishilayotgan bunday yutuqlar mamlakatimizning xalqaro reytinglarda oʻrnini yanada yaxshilash imkonini bermoqda. Xususan, 2020-yil Inson kamoloti indeksida Oʻzbekiston dunyoning 189 mamlakati ichida 106-oʻrinni egalladi. Global raqobatbardoshlik indeksining taʼlim yoʻnalishida Oʻzbekiston koʻrsatkichi 49,7 ballni tashkil etib, 131 ta mamlakat orasida 52-oʻrinni egalladi.
Muloqot davomda taʼlim sifatini taʼminlash, ilm-fn taraqqyoitini yuksaltirish, taʼlim, fan ishlab chiqarish hamkorligini rivjlantirish, yosh avlodning intelektual salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiboldagi vazifaar xususida oʻzaro fikr almashildi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri