Ekspertlar SOVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda silning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotirda.
Shunga qaramay, Oʻzbekistonda bu kasallikni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Bemorlarni darddan xalos qilish uchun yuqori texnologik amaliyotlar joriy qilinyapti.
Bunda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hissasi katta.
— Oʻtgan yili mamlakatimizda aholining sil bilan kasallanish koʻrsatkichi 3,7 foizga kamaydi, — deydi markaz direktori Nargiza Parpiyeva. — Bunda muassasamiz va uning Fargʻona viloyati filialida “BD MAX” deb nomlanuvchi ilgʻor tashxis usuli joriy qilingani muhim ahamiyat kasb etdi.
Aytish joizki, “BD MAX” – toʻliq avtomatlashtirilgan molekulyar-diagnostika qurilmasi. U biologik tahlil namunasidan sil mikobakteriyasini PZR usulida tezkor aniqlash imkonini beradi.
Mazkur texnologiya inson omili ishtirokini kamaytirib, bioxavfsizlikni oshiradi va 2–3 soat ichida ishonchli tashxis natijalarini taqdim etadi.
Bundan tashqari, tuberkulyozning koʻp dorilarga chidamli shakllarida 6 oylik qisqa davolash kurslari joriy etilishi bemorlarni tezroq sogʻaytirish hamda hayot sifatini yaxshilash imkonini bermoqda.
Qolaversa, oʻtgan yili barcha viloyatlar, olis va chekka hududlardagi “Oʻpka salomatligi” mobil brigadalari ultraportativ rentgen, sunʼiy intellekt yordamida tashxislash komplekslari va 2 modullik “GeneXpert” uskunalari bilan jihozlandi.
Umuman, 2025-yil davomida markazimizda 12 turdagi yangi diagnostika va davolash usuli amaliyotga joriy etildi.
Jumladan, kaminvaziv artrotomiya usulida chanoq-son va tizza boʻgʻimlarida tuberkulyozdan keyingi asoratlarni bartaraf etish, ftiziourologiyada uretra transpozitsiyasi hamda sigmotsistoplastika kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.
Albatta, bunday yutuqlarga erishishimizda oʻtgan yili markazning 35 nafar mutaxassisi Daniya, Xitoy, Rossiya, Belarus kabi xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytgani ayni muddao boʻldi.
Oʻz navbatida, Xitoy, Belarus, Latviya, Niderlandiya va Qozogʻistonning yetakchi tibbiyot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlari bilan 6 ta memorandum va hamkorlik kelishuvini imzoladik. Bu esa kelgusida ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va innovatsion texnologiyalar almashinuvi uchun mustahkam zamin yaratdi.
Binobarin, oʻtgan yili markazimizda 125 nafar xorijiy fuqaro davolandi. Ularning 78 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi.
2026-yilda oldimizga yangi maqsadlar qoʻyganmiz. Xususan, oxirgi 3-yil mobaynida suʼniy intellekt dasturi bilan jihozlangan 50 ta ultraportativ rentgen uskunasi barcha viloyatlarga yetkazilgan boʻlib, bu yil respirator kasalliklar koʻp uchraydigan tumanlar yana 40 ta “sunʼiy idrok«ka asoslangan mobil rentgen uskunasi bilan taʼminlanadi. Bu texnologiya yordamida barcha maʼlumotlar «DHIS-2” yagona elektron reyestriga jamlanib, kasalliklarni tahlil qilish va prognozlash imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, markaz faoliyatini transformatsiya qilish va koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida xorijiy tibbiyot muassasalaridan qator tajribali ekspertlar, tibbiy menejerlar jalb qilinishi muhim yangilikdir.
Ular safidan JSST, John Snow Institute, STOP TB, Swiss TPH instituti, LEAP TB Global xalqaro loyihasi kabi nufuzli tashkilot va tuzilmalarning xalqaro konsultantlari oʻrin olgan.
Shuningdek, mahallalar darajasida ixtisoslashgan tibbiy xizmatni kuchaytirish, teletibbiyotni rivojlantirish, 1 million nafar aholini latent sil infeksiyasiga tekshirish, olis va chekka hududlarda yashovchi 200 ming kishini bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish rejalashtirilgan.