Suhbat davomida Oʻzbekiston tomoni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki asoschilaridan biri boʻlgan va xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va Osiyoda barqaror infratuzilmani rivojlantirishga sodiqlik koʻrsatayotgan Singapur bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqishini bildirdi.
Singapur bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi. Soʻnggi yetti yil ichida savdo hajmi ikki barobar oshdi va Singapur investitsiyalari hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi.
2023-yilda oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga teng investitsiya bitimlarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha tizimli ish yoʻlga qoʻyildi. Bu kimyo sanoati, strategik aktivlarni boshqarish, logistika markazlari qurilishi, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohasidagi yirik loyihalarni oʻz ichiga oladi. ISSV har bir loyihani manzilli qoʻllab-quvvatlashni taʼminlamoqda.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar navbatdagi Oʻzbekiston-Singapur biznes forumini oʻtkazish muddatlarini kelishib oldilar va hamkorlikni rivojlantirish uchun istiqbolli: infratuzilmani rivojlantirish, aqlli qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, sogʻliqni saqlash kabi sohalarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.