Maktab va OTMda halollikni targʻib qilishga qaratilgan maxsus oʻquv dastur va qoʻllanmalar ishlab chiqiladi

    Xalqaro hamkorlik 31 Iyul 2023 1194

    Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi direktori Akmal Burxanov Singapurda bir qator kelishuvlarga erishdi.

    Shu kunlarda xizmat safari bilan Singapur davlatida boʻlib turgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi direktori Akmal Burxanov Singapur Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi, Bosh prokuraturasi, PSB Akademiyasi, Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi kabi tashkilotlarga tashrif buyurib, hamkorlik boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar davomida bir qator masalalar muhokama qilindi va qator kelishuvlarga erishilgan.

    Xususan,
    • Singapurning korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan choralarni milliy amaliyotga tatbiq etish;
    • Singapur tajribasi asosida yoshlar, shu jumladan, maktab va oliy taʼlim muassasalarida halollikni targʻib qilishga qaratilgan maxsus oʻquv dastur va qoʻllanmalar ishlab chiqish;
    • Oʻzbekistonda zamonaviy aksilkorrupsiya mexanizmlarini ishlab chiqishda Singapur aksilkorrupsiya byurosi ekspertlarini jalb qilish;
    • Singapur amaliyoti asosida xususiy sektor vakillari hamda davlat idoralari moliya va iqtisod sohasidagi xodimlar uchun real keyslar asosida qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish usullarini muhokama qilish va bu yunalishda standartlarni joriy etish;
    • Oʻzbekiston davlat idoralari rahbar kadrlari uchun Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabida maxsus oʻquv kurslarini tashkil qilish;
    • Davlat xizmatchilarini Singapur tajribasi asosida qisqa muddatli kurslarda malakasini oshirish;
    • Hamkorlikda korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish boʻyicha tergovchilar malakasini oshirishga qaratilgan loyihani ishga tushirish;
    • Prokuratura idoralariga xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, shuningdek, korrupsiyaga oid ishlarning sudda koʻrilishi va unda prokuror ishtiroki boʻyicha Singapur tajribasini oʻrganish va tahlil qilish.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi direktori Akmal Burxanov oʻzining telegram kalida Singapurning qanday qilib dunyoning rivojlangan mamlakatiga aylangani va korrupsiyani bartaraf qila olgani xususida oʻzining dastlabki xulosalarini eʼlon qildi.

    1 Maxsus yondoshuv. Dastavval 1959-yilda davlat boshqaruviga kelgan Li Kuan Yu boshchiligida (oʻta maxfiy ravishda) korrupsiyaga qarshi Maxsus dastur yaratildi va hayotga tadbiq etilgan. Uning doirasida (salkam ikki yarim yil davomida) mamlakatning yirik mansabdor shaxslariga nisbatan maʼlumotlar yigʻilgan va puxta tekshirilgan. Undan keyin, lavozimi, darajasi, xizmatlari va mukofotlari, qarindoshlik aloqalariga qaramay, korrupsiyaga aralashgan barcha mansabdorlar ishdan olingan.

    2. Har qanday davlat xizmatchisi (uning yaqin qarindoshlarigacha) ortidan audio/video kuzatuv oʻrnatish mumkin boʻlgan. Va bu amaliyot bir-biridan mustaqil boʻlgan idoralar tomonidan amalga oshirilgan. Albatta, “Bu shaxsiy hayotga daxl qilishi mumkin, inson huquqlari buziladi”, degan haqli savol tugʻilishi mumkin. Bunga javoban singapurliklar shunday javob berishadi: “Agar shaxsiy hayoting sir saqlanishini xohlasang, davlat xizmatiga borma…”.

    3. Ochiqlik. Davlat idoralari faoliyati toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar jamoatchilik uchun ochiq (razvedka, kontrrazvedka va maxsus xizmatlar faoliyati bundan mustasno).

    4. Eng avvalo, toʻq boʻlish. Davlat xizmatchilarining oylik maoshi keskin koʻtarilgan.

    5. Avtoritar vakolatlarga ega boʻlgan Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi tashkil etilgan. Byuro sud qarorisiz mansabi va darajasidan qatʼiy nazar, korrupsiyada gumon qilinayotgan har qanday shaxslarni ushlab turish, tintuv qilish, ularning bank hisob raqamlarini tekshirish, xattoki ularning yaqin qarindoshlarini soʻroqqa chaqirish huquqiga ega boʻlgan. Bugungi kunda korrupsiya bilan bogʻliq barcha jinoyatlar tergovi mazkur Byuro tomonidan amalga oshiriladi.

    6. Qonun oldida hamma teng. Qaysi lavozimda boʻlishidan qatʼiy nazar, davlat xizmatchisi 1 dollar miqdorida pora olsa ham, birdek qatʼiy jazoning muqarrarligi taʼminlangan. Shu paytga qadar Singapurning bir necha oʻnlab vazirlari, davlat korporatsiyalari rahbarlari korrupsiyada ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan.