Singapurning ishbilarmon doiralari va yetakchi universitetlari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor

    Investitsiyalar 13 Yanvar 2023 1079

    Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifi doirasida Singapur ishbilarmon doiralari va yetakchi oliy oʻquv yurtlari rahbarlari bilan uchrashuvlar davom etyapti.

    Jumladan, joriy yil 12-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Franklin Templeton kompaniyasi rahbari Manraj Sekxon bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Kun tartibida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yirik investorlarni jalb etish imkonini beruvchi oʻrta va uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Virtus Health Singapore kompaniyasi bosh direktori Timati Kvan davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida Toshkent, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida ayollar reproduktiv salomatligi markazlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

    Shu kuni Nanyang politexnika universiteti bosh direktori Genri Xan bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Tomonlar sogʻliqni saqlash sohasining kadrlar tayyorlash masalasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni muhokama qildilar. 2022-yil dekabr oyi oxirida universitetda sogʻliqni saqlashni boshqarish yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish kurslarini 23 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis tamomladi. 2023-yil 1-martdan boshlab “tibbiyot injiniringi” va “axborot texnologiyalari” kabi yoʻnalishlar boʻyicha yangi kurslar turkumini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

    Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi direktori oʻrinbosari Naney Yuliati bilan uchrashuvda Oʻzbekiston davlat xizmatchilarining tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Muzokaralar aniq investitsiya holatlarini taqdim etish, qoʻshma rejalarni batafsil koʻrib chiqish imkonini berdi hamda tomonlarning keng koʻlamdagi hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan intilishlarini namoyon etdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.